Moskva viloyatida 6 nafar o‘zbekistonlik yong‘indan halok bo‘ldi

Olam

image

Avvalroq, Moskva viloyati Ramenskiy tumanidagi joylashgan uylardan birida yong‘in chiqdi. Oqibatda 6 kishi olov ichida qolib ketib, halok bo‘lgani haqida xabar bergan edik. Rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, halok bo‘lgan uch erkak va uch ayol O‘zbekiston fuqarolari bo‘lgan.

Moskva viloyati FVBning xabar berishicha, yong‘in Durnixa qishlog‘ida soat 04:00 atrofida (Toshkent vaqti bilan 06:00 – tahr) yuz bergan.  

Rossiya Tergov qo‘mitasining Ramenskiy tumani bo‘limi xodimlari uyidan topilgan olti kishining o‘limi munosabati bilan Rossiya Federatsiyasi Jinoyat kodeksining 109-moddasi 3-qismi (“Ikki yoki undan ortiq odamni qasddan o‘ldirish”) bo‘yicha jinoiy ish qo‘zg‘atdi.

Yong‘in sababi simning uzilishi bo‘lishi mumkin, degan taxminlar ilgari surilmoqda. Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, uyda 26 kishi istiqomat qilgan. Ularni Rossiya Federatsiyasi hududida bo‘lib turishi qonuniyligi tekshirilmoqda, dedi Moskva viloyati tergov qo‘mitasi navbatchisi.

"Moskovskiy komsomolets" nashrining xabar berishicha, voqea joyiga birinchi bo‘lib Favqulodda vaziyatlar vazirligi xodimlari, keyin esa shifokorlar yetib kelgan. "Biroq hech kimni qutqarishga muvaffaq bo‘linmadi. Ba’zi osiyoliklar tepadan sakrab tushishga erishgan. Biroq uch erkak va uch ayol polning o‘pirilishi oqibatida birinchi qavatga qulagan. Jasadlar juda qattiq yongan. Marhumlar 30 yoshga to‘lgan O‘zbekiston fuqarolari ekanligi aniqlangan”, deb yozadi nashr.

Hozirgi vaqtda sud-tergovchilar ishtirokida ekspertiza o‘tkazildi. Sud-tibbiy va yong‘in-texnik ekspertizalari o‘tkazish rejalashtirilgan. Tergov ishlari davom etmoqda.


Maqola muallifi

Teglar

Rossiya yong'in

Baholaganlar

149

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing