“Mona Liza yana ish boshladi”. Luvr ochildi
Madaniyat-san’at
−
06 iyul 2020
5067Qariyb to‘rt oylik karantindan so‘ng, dunyodagi eng yirik san’at muzeylaridan biri –Luvr o‘z faoliyatini boshladi. Bu haqda bugun, 6 iyul kuni muzey Matbuot xizmati xabar bermoqda.
"Biz Luvr muzeyi 2020 yil 6 iyulda qayta ochilganini e’lon qilishdan mamnunmiz", deyiladi xabarda.
Ta’kidlanishicha, muzeyga tashrif buyuruvchilar zallarning qariyb 70 foizini aylanishlari mumkin bo‘ladi. Garchi muzey yangi tashrif buyuruvchilarni kutayotgan bo‘lsa-da, ular sanitariya xavfsizligi talablariga rioya etishlari majburiydir. Endilikda muzeyga kirish uchun kuponlarni oldindan bron qilish shart etib qo‘yildi.
Bundan tashqari, muzeyga tashrif buyuruvchilarning barchasi tibbiy niqobda va masofani saqlagan holda bo‘lishlari shart.
Muzey direktori Jan-Lyuk Martinez "bu yil o‘tgan yozda tashrif buyurganlarning kamida 20-30 foizini" kutishini aytdi.
An’anaga ko‘ra, Luvrga keluvchilar oqimining 75 foizini chet ellik sayyohlar tashkil etadi. 2019 yilda Luvrga 9,6 million kishi tashrif buyurgan.
Avvalroq, joriy yilning 17 yanvar kuni Parijdagi Luvr muzeyi pensiya islohotiga qarshi namoyishchilar kirish yo‘lini to‘sib qo‘yganligi sabab yopilgani haqida xabar bergan edik. Shundan so‘ng, qayta ochilgan muzey koronavirus xavfi tufayli 1 mart kuni yana qayta yopilgan edi.
LiveBarchasi