Luvr muzeyi yopildi. Xodimlar oyligidan norozi
Olam
−
18:15 1256 2 daqiqa
Bugun, 15 dekabr kuni Parijdagi Luvr muzeyida xodimlar ish haqi va mehnat sharoitlarining yomonligi sabab ish tashlash e’lon qildi. Shu tufayli dunyodagi eng gavjum muzey faoliyati vaqtincha to‘xtatildi. Bu haqda “France24” xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, ish tashlash qariyb 400 nafar xodim tomonidan qo‘llab-quvvatlangan. Kasaba uyushmalari tomonidan tashkil etilgan ish tashlash aksiyasi “tobora yomonlashib borayotgan ish sharoitlari” va xodimlar yetishmasligi bilan bog‘liq.
Ish tashlash muzey uchun murakkab davrga to‘g‘ri keldi. Xususan, Luvr yaqinda infratuzilma bilan bog‘liq qator muammolarga duch kelgan. Jumladan, oktyabr oyida qiymati 88 million yevro (103,3 million dollar)ga baholangan zargarlik buyumlari o‘g‘irlangan hamda qadimiy qo‘lyozmalarga zarar yetkazgan suv oqishi holati qayd etilgan. Muzey deyarli ta’mirtalab holatda.
“Ommaviy ish tashlashlar sababli muzey hozircha yopiq”, deya ma’lum qildi Luvr ma’muriyati o‘zining rasmiy veb-saytida.
Kasaba uyushmalari talablari orasida, ayniqsa, xavfsizlik va tashrif buyuruvchilarga xizmat ko‘rsatish sohalarida doimiy xodimlar sonini ko‘paytirish hamda mehnat sharoitlarini yaxshilash masalalari bor.
Shuningdek, ular yanvar oyining o‘rtalarida Yevropa Ittifoqiga a’zo bo‘lmagan sayyohlar uchun chipta narxini 45 foizga oshirish rejasiga ham qarshi chiqmoqda. Mazkur oshirish ishlari ta’mirlash xarajatlarini moliyalashtirish maqsadida taklif etilgan edi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Parij “svet”siz qolgani haqida xabar berilgandi. Fransiya poytaxtining janubi-g‘arbidagi Issi-le-Mulino podstansiyasida sodir bo‘lgan texnik nosozlik oqibatida ayrim metro va shaharlararo poyezd liniyalari to‘xtab qolgan, svetoforlar hamda 170 mingga yaqin xonadon vaqtincha elektr ta’minotidan uzilgandi.
Live
Barchasi