Fransiyada Dior, Louis Vuitton va Celine do‘konlari talon-toroj qilindi (video)
Olam
−
13:22 500 2 daqiqa
Fransiyada ommaviy namoyishlar paytida Dior, Louis Vuitton, Hermès va boshqa mashhur brendlar do‘konlariga hujum qilinib, tovarlar o‘g‘irlab ketildi. Bu haqda “LiFO” nashri xabar berdi.
Qayd etilishicha, kecha, 17 oktyabr kuni mamlakatning bir nechta shahrida hukumatga qarshi ommaviy namoyishlar bo‘lib o‘tgan. Ayrim guruhlar vaziyatdan foydalanib, turli savdo nuqtalariga bostirib kirgan va tovarlarni olib ketgan. Hujumlar nafaqat qimmatbaho buyumlar do‘konlari, balki texnika do‘konlari, nonvoyxonalar va supermarketlarda ham kuzatilgan.
.jpg)
Parijda CELINE, Dior, Burberry va Louis Vuitton brendlariga tegishli do‘konlarga zarar yetkazilgan. Respublika maydoni yaqinida kosmetika do‘konining vitrinasi sindirilib, ichkaridagi go‘zallik mahsulotlari tashqarida to‘plangan odamlarga uloqtirilgan.
.jpg)
Shuningdek, telekommunikatsiya do‘koniga bostirib kirgan shaxslar u yerdagi telefonlarni tashqariga otgan. Respublika maydonidagi markaziy yodgorlik turli yozuvlar bilan qoplangan, maydon toshlarining bir qismi ko‘chirilgan. “La Barrique” barida esa yong‘in chiqqan.
.png)
Yaqin atrofdagi supermarketga kirgan yoshlar spirtli ichimliklar va gazlangan ichimliklarni olib chiqib, ularni politsiya xodimlariga qarata otgan.
.jpg)
Tartibsizliklar Marsel, Lill va Nitssa shaharlarida ham kuzatilgan. Marselda Hermès do‘koni, zargarlik buyumlari, kiyim-kechak, kosmetika va maishiy texnika sotiladigan savdo nuqtalariga zarar yetkazilgan. Shuningdek, poyabzal do‘konida chiqqan yong‘inni o‘chirish uchun o‘t o‘chiruvchilar jalb qilingan.
Lill shahrida esa savdo nuqtalarida vandalizm holatlari qayd etilgan. Shahar meri Arno Delandning ma’lum qilishicha, shaxslar shahar markazidagi Apple Store do‘koniga ham bostirib kirgan. Nitssada sport kiyimlari do‘konlari va mototsikllar savdosi bilan shug‘ullanuvchi markaz talon-toroj qilingan.
Dastlab maktablardagi ta’lim sharoitlarini yaxshilash talablari bilan boshlangan namoyishlar keyinchalik hukumatga qarshi keng ko‘lamli norozilik harakatiga aylangan. Namoyishchilar asosan yashash xarajatlarining qimmatlashishi va aholiga tushayotgan iqtisodiy bosimdan norozi.
Live
Barchasi