Moliya vazirligida yangi tayinlovlar amalga oshirildi

Jamiyat

image

O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligida uch kishi muhim lavozimlarga tayinlandi. 

Vazir Qo‘chqorovning buyrug‘i bilan kecha, 18 fevral kuni Hududlar moliyasi bosh boshqarmasi boshlig‘i lavozimiga Murodbek Saparbayevich Davlatov tayinlandi.

photo_2019-02-19_08-56-08.jpg

Murodbek Davlatov 1978 yilda Xorazm viloyati, Xazorasp tumanida tug‘ilgan, millati o‘zbek, ma’lumoti oliy. 1999 yilda Urganch davlat universitetini, 2002 yilda Toshkent davlat iqtisodiyot universitetini va 2006 yilda O‘zbekiston Bank-moliya akademiyasini bank ishi va moliya mutaxassisligi bo‘yicha tamomlagan.

1999 – 2007 yillarda Bog‘ot tumani banklarida va tuman moliya bo‘limlarida,

2007 – 2012 yillarda Xorazm viloyati G‘aznachilik va Nazorat-taftish boshqarmalarida,

2012 -2015 yillarda Bog‘ot tuman hokimligi moliya bo‘limi mudiri lavozimlarida ishlagan.

2015 – 2017 yillarda Xorazm viloyati hokimligi moliya boshqarmasi boshlig‘i.

2015 – 2018 yillarda Xorazm viloyati hokimligining moliya bosh boshqarmasi boshlig‘i.

Hozirgi kunga qadar Moliya vazirligining Agrosanoat majmua moliyasi boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari – Agrosanoat majmuining qayta ishlash va boshqa tarmoqlari moliyasi va narxlarni tartibga solish bo‘limi boshlig‘i sifatida faoliyat yuritib kelgan.

Moliya vazirligi Ijtimoiy soha va fanni moliyalashtirish bosh boshqarma boshlig‘i o‘rinbosari lavozimiga Mohir Muratjanovich Yunusov tayinlandi.

photo_2019-02-19_08-56-10.jpg

Mohir Muratjanovich Yunusov 1981 yilda Toshkent shahrida tug‘ilgan, millati o‘zbek, ma’lumoti oliy. 2001 yilda Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universitetini bakalavr, 2002 yilda Germaniyaning Bremen universitetini magistr darajalarini iqtisodchi mutaxassisligi bo‘yicha tamomlagan.

Mehnat faoliyatini 2003 yilda Germaniyaning Berlin shahridagi telekommunikatsiya sohasida boshlagan.

Mohir Yunusov O‘zbekiston va xorij banklarida faoliyat yuritgan, xususan, O‘zbekistonning Tashqi iqtisodiy faoliyat Milliy bankida yetakchi, bosh mutaxassis hamda Kaliningrad shahridagi “Sankt-Peterburg Yevropa banki” filialida yetakchi va katta mutaxassis lavozimlarida tajriba orttirgan. Bundan tashqari Rossiya Federatsiyasining nufuzli universitetlarida Iqtisodiyot va moliya departamenti boshlig‘i, shuningdek, byudjetni rejalashtirish boshqarmasi boshlig‘i kabi rahbarlik lavozimlarida samarali mehnat qilgan.

Hozirgi kunga qadar Mohir Yunusov Sevastopel davlat universiteti byudjetni rejalashtirish boshqarmasi boshlig‘i lavozimida ishlagan.

O‘zbekiston Respublikasi Moliya vaziriligi Davlat byudjeti bosh boshqarmasi boshlig‘i lavozimiga Jamshid Ismoilovich Abruyev tayinlandi.

photo_2019-02-19_08-56-42.jpg

Jamshid Abruyev 1979 yilda Toshkent shahrida tug‘ilgan, millati o‘zbek, ma’lumoti oliy. 1999 yilda Samarqand qishloq xo‘jaligi institutini, 2004 yilda Toshkent davlat iqtisodiyot universitetini moliya mutaxassisligi bo‘yicha tamomlagan.

2000 – 2004 yillarda Samarqand shahar Temir yo‘l tumani Xalq ta’limi bo‘limi hamda tuman hokimliklarida hisobchi, iqtisodchi lavozimlarida;

2004 – 2012 yillarda Samarqand viloyati hokimligi Moliya boshqarmasi yetakchi iqtisodchisi, bo‘lim boshlig‘i muovini lavozimlarda;

2012 – 2017 yillarda O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi Ijtimoiy soha va fanni moliyalashtirish bosh boshqarmasining Umumiy o‘rta va maktabgacha ta’limni moliyalashtirish bo‘limi yetakchi iqtisodchisi, keyinchalik bo‘lim boshlig‘i lavozimlarida ishlagan.

2017 – 2018 yillarda O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi Davlat byudjeti bosh boshqarmasi boshlig‘ining o‘rinbosari.

2018 – 2019 yillarda O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi Davlat byudjeti bosh boshqarmasi boshlig‘ining birinchi o‘rinbosari.

Hozirgi kunga qadar Jamshid Abruyev O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi Davlat byudjeti bosh boshqarmasi boshlig‘ining birinchi o‘rinbosari lavozimida faoliyat yuritib kelgan.
 


Maqola muallifi

Teglar

Moliya vazirligi

Baholaganlar

18

Reyting

3.1

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing