Moliya vaziri o‘rinbosari vafot etdi

Jamiyat

image

Bugun, 29 iyul kuni O‘zbekiston Respublikasi Moliya vaziri o‘rinbosari 55 yoshida Moliya vazirining o‘rinbosari Yorqin Ergashevich Tursunov vafot etdi. Bu haqda Moliya vazirligi xabar berdi.

Olingan ma’lumotlarga qaraganda, avvalroq Yorqin Tursunovda koronavirus infeksiyasi aniqlangan edi.

Yorqin Ergashevich 20 yildan ortiq vaqt mobaynida Moliya vazirligi tizimida ishlagan, u yerda har doim o‘zining mehnatsevarligi, xar bir ishga yuqori ma’suliyat va puxtalik bilan yondashishi, har kimni tushunish qobiliyati bilan ajralib turar edi. 

Yorqin Ergashevich hech qachon o‘z tajribalari, bilimlari va ko‘nikmalarini hamkasblari va shogirdlari bilan bo‘lishishdan charchamas edi. Ko‘p yillik samarali mehnati doirasida ustoz-shogird tamoyillari asosida ko‘plab salohiyatli kadrlarni yetkazib chiqarishda katta hissa qo‘shgan rahbar.

"Ziyrak rahbar, oliyjanob hamkasb, namunali oila boshligi, sodiq do‘st va ulkan qalbli shaxs. "Vatanga halollik va sadoqat bilan xizmat qilish" shiori bilan yashagan o‘z ishining ustasi va mamlakat vatanparvari, shijoatli hamda fidoiy inson bo‘lib xotirlanadi, va doimo qalblarimizda  ajoyib inson bo‘lib qoladi", deyiladi vazirlik xabarida.

Ushbu og‘ir yo‘qotish munosabati bilan, Yorqin Tursunovning oila a’zolariga ta’ziya bildirib, sabr tilab qolamiz. 

Yorqin Tursunov 1965 yilda Samarqand viloyating Xatirchi tumanida tug‘ilgan. 1990 yilda Toshkent xalq xo‘jaligi institutini bakalavrini tamomlagan. Mutaxassisligi moliyachi. 

Mehnat faoliyatini 1990 yilda Samarqand viloyati Kattaqo‘rg‘on shahri hokimiyati moliya bo‘limi aholini ijtimoiy himoyalashni moliyalashtirish bo‘yicha nazoratchi inspektori, byudjet inspeksiyasi I toifali iqtisodchisi lavozimidan boshlagan. 

1993- 2002 yillarda Samarqand viloyati Kattaqo‘rg‘on shahri hokimiyati moliya bo‘limi mudiri o‘rinbosari – byudjet inspeksiyasi boshlig‘i, keyinchalik bo‘lim mudiri bo‘lgan. 

2002-2006 yillarda Navoiy viloyati hokimiyati moliya boshqarmasi boshlig‘i bo‘lib ishlagan. 

2006-2012 va 2016-2018 yillarda Moliya vaziri o‘rinbosari lavozimida faoliyat yuritgan.

2012-2016 yillarda O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirining o‘rinbosari – Ijtimoiy va moliyaviy ta’minot xizmati boshlig‘i

Moliya vaziri o‘rinbosari lavozimiga qadar, Yorqin Tursunov O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi huzuridagi byudjetdan tashqari Pensiya jamg‘armasi ijro etuvchi direktori lavozimini egallagan.

Hududlarni kompleks rivojlantirish dasturlari, ularni moliyalashtirish bo‘yicha samarali faoliyat olib borgan.
 


Maqola muallifi

Teglar

Koronavirus O'zbekistonda

Baholaganlar

304

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing