Moliya vaziri: “Byudjet taqchilligi bo‘lishi mumkin...”
Jamiyat
−
15 aprel 2020 8814 2 daqiqa
Koronavirus pandemiyasi natijasida O‘zbekistonda byudjet taqchilligi yuzaga kelishi mumkin. Bu haqda Moliya vaziri Timur Ishmetov onlayn brifingda ma’lum qilmoqda.
“Raqamlarga qaraydigan bo‘lsak, yil boshida yalpi byudjet taqchilligi prognozlari YAIMga nisbatan 2,7 foiz bo‘lsa, bu jami fiskal taqchillik. Bu yerda konsolidatsiyalashgan taqchillik 0,5 foiz bo‘lib, tashqi qarzlar bilan bog‘liq xarajatlar ham hisobga olinganda 2,7 foiz bo‘lib chiqqan. Yangilangan dastlabki hisob-kitoblarga ko‘ra, byudjet taqchilligi yil boshidagi prognozlarga qo‘shimcha yana 2 foiz bandga oshishi kutilayapti. Bu dastlabki prognozlar.
Bu O‘zbekiston uchun salbiy oqibatlarga olib kelmaydi. Albatta, biz barcha makroiqtisodiy ko‘rsatkichlarga erishamiz. Yana bir marta aytaman, hozirgi vaqtda qanchalik qiyin bo‘lmasin hukumatning asosiy vazifasi Prezident topshirig‘iga asosan odamlarni kasallikdan saqlab qolish va buning uchun barcha kerakli xarajatlar bilan ta’minlash, shuningdek buning natijasida kelib chiqadigan makroiqtisodiy ko‘rsatkichlar bilan keng kurashishdir. Ya’ni, bizda tarozi pallasida odamlarning hayotini saqlab qolish uchun xarajat bo‘lsa, ikkinchi tomondan qandaydir iqtisodiy ko‘rsatkichlar yuzaga keladi. Bunda avval o‘sha xarajatlarni ta’minlab, natijada yuzaga keladigan ko‘rsatkichlar bilan keng shug‘ullanishdir”, deydi Timur Ishmetov.
Moliya vaziri kasallikn tarqalishini oldini olish uchun qancha xarajat bo‘lsa, hukumatning imkoniyati yetishini aytmoqda.
“Inqirozga qarshi jamg‘armaga 10 trillion so‘mlik mablag‘ jamlangan bo‘lsa, bu birlamchi qadamlar uchun mo‘ljallangan. Agar yana xarajat kerak bo‘lsa, albatta, o‘sha xarajat ham qilinadi. Shunga muvofiq, birlamchi prognozimiz byudjet taqchilligi oshishi deyilmoqda. Balki kelajakda yana ham oshar, lekin bu bilan hech qanday xavotirga o‘rin yo‘q. Negaki, bizning yetarli fiskal buferlarimiz bor”, deya qo‘shimcha qildi vazir.
Live
Barchasi