Moldova MDHni tark etadi
Olam
−
21 dekabr 2023
8233Moldova hukumati MDH doirasida imzolangan deyarli barcha kelishuvlardan 2024 yilgacha chiqishni rejalashtirmoqda. Bu haqda hukmron “Harakat va birdamlik” partiyasi deputati Doyna German “Exclusiv” telekanalida ma’lum qildi.
Uning ta’kidlashicha, mamlakat hozir Hamdo‘stlik bilan tuzilgan shartnomalarni denonsatsiya qilishning deyarli yakuniy bosqichida.
“Biz ushbu jarayonni 2024 yil oxirigacha yakunlashni taklif qildik. Ammo bu hammasi hal bo‘ldi, degani emas. Hozir biz MDH doirasida imzolangan shartnomalarni texnik jihatdan bekor qilmoqdamiz”, degan parlament a’zosi.
Shuningdek, u Moldova MDHdan chiqish deklaratsiyasini imzolaydimi yoki bu barcha kelishuvlar bekor qilinganidan keyin avtomatik ravishda sodir bo‘ladimi, degan savolga ham aniqlik kiritdi.
"Bu jarayon, albatta, qandaydir bayonot yoki chekinish bo‘yicha yakuniy pozitsiyani ifodalash bilan yakunlanishi shart emas", deya xulosa qilgan Doyna German.
Ma’lumot uchun, Moldova 2024 yil 8 fevraldan boshlab MDH Parlamentlararo Assambleyasi a’zoligini rasman to‘xtatgandi. Shuningdek, Prezident Mayya Sandu rejimi hokimiyat tepasiga kelganidan beri Moldova Respublikasi uch yil davomida biror marta tashkilot sammitlarida qatnashmagan.
Eslatib o‘tamiz, joriy yilning may oyi o‘rtalarida Moldova MDH Parlamentlararo Assambleyasidan chiqmoqchi ekani haqida xabar bergan edik.