Moldovadan dadil qadam. Mamlakat MDH Parlamentlararo assambleyasidan chiqmoqchi
Olam
−
15 may 2023
5572Moldova parlamenti raisi Igor Grosu respublikaning Mustaqil davlatlar hamdo‘stligi Parlamentlararo assambleyasi a’zoligidan chiqish tartibini boshlash to‘g‘risidagi qarorni e’lon qildi. Bu haqda TASS xabar berdi.
“Men Moldova Respublikasining MDH Parlamentlararo Assambleyasi to‘g‘risidagi kelishuvdan chiqish jarayonini boshlashga qaror qildim”, deydi Grosu.
Unga ko‘ra, bu respublika uchun foydasizdir.
Shuningdek, Grosu bu qarorni mamlakat fuqarolari, hukmron “Harakat va birdamlik” partiyasi vakillari hamda respublika Prezidenti Mayya Sandu bilan maslahatlashuvlardan so‘ng qabul qilganini aytgan.
Parlament doimiy byurosining navbatdagi yig‘ilishida Grosu deputatlarga MDH parlamentlararo konvensiyasini denonsatsiya qilish to‘g‘risidagi qonun loyihasini tayyorlash so‘rovi bilan respublika Bosh vaziri Dorin Rechanga yuborishni taklif qilgan.
Bundan tashqari, Grosu o‘z nutqida Rossiyaning Ukrainadagi harakatlarini noqonuniy deb atagan hamda Moskvani Moldovaga nisbatan nodo‘stona siyosatda ayblagan.
Ma’lumot uchun, Moldovaning MDHga munosabati yildan-yilga keskinlashib bormoqda. Bu ayniqsa mamlakat Prezidenti Mayya Sandu davrida kuchaygan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Moldova Bosh vaziri Dorin Rechan mamlakatga kirishi taqiqlangan rossiyaliklar orasiga Prezident Vladimir Putinni ham qo‘shgandi.