MMA turniridan so‘ng 18 yoshli yigit komaga tushdi
Sport
−
20 fevral 2722 1 daqiqa
Qarag‘andada 18 yoshli sportchi aralash jang san’ati (MMA) turnirida boshidan og‘ir jarohat olib, komaga tushdi. Bu haqda “NUR.KZ” xabar berdi.
Sportchi singlisining so‘zlariga ko‘ra, 2026 yil 14–15 fevral kunlari Qarag‘andada aralash jang san’ati turniri bo‘lib o‘tgan.
Birinchi kuni uning akasi Arslan ikkita jang o‘tkazib, g‘alaba qozongan. Ikkinchi kuni, singlisining aytishicha, jang paytida raqibi noqonuniy harakat qilib, Arslanning boshiga zarba berib yuborgan.
Shundan so‘ng, sportchi boshini changallagancha, yo‘lini yo‘qotgan holda oyoqqa turishga qiynaldi. Ammo jang davom ettirilgan. Ikkinchi raunddan so‘ng Arslan hushini yo‘qotib yiqilgan va xirillashni boshlagan. U ringda komaga tushdi. Hodisa videoga olingan va singlisi uni ijtimoiy tarmoqqa joylashtirgan.
Shifoxonaga yotqizilgan sportchiga travmadan keyingi miya qon ketishi, miyaning og‘ir kontuziyasi, chap yarim sharning o‘tkir subdural gematomasi, miya shishi va 2–3 darajali koma tashxisi qo‘yilgan. Unga shoshilinch jarrohlik amaliyoti o‘tkazilgan. Hozircha uning ahvoli og‘irligicha qolmoqda.
Qarag‘anda viloyati politsiya boshqarmasi ushbu hodisa bo‘yicha Qozog‘iston Respublikasi Jinoyat kodeksining 114-moddasi (Ehtiyotsizlik oqibatida tan jarohati yetkazish) bo‘yicha sudgacha tergov boshlagan.