MXQning sobiq raisini hibsda saqlash muddati uzaytirildi
Olam
−
27 Oktabr 2022
14018Qozog‘iston huquq-tartibot idoralari respublika Milliy xavfsizlik qo‘mitasi sobiq rahbari Karim Masimov hamda idoraning boshqa sobiq rahbarlarini hibsda saqlash muddatini 6 dekabrga qadar uzaytirdi. Bu haqda bugun, 27 oktyabr kuni Kazinform axborot agentligi xabar berdi.
“K.K.Masimov va A.T.Sadiqulovni hibsda saqlash muddati tergov sudi tomonidan 6 dekabrgacha, D.Ye.Yergojinni 13 dekabrgacha, M.S.Osipovni 22 dekabrgacha uzaytirdi”, deyiladi MXQ agentlik so‘roviga javoban.
Masimov qo‘mita raisligidan mamlakatdagi tartibsizliklar tufayli Qozog‘iston Prezidenti Qosim-Jomart To‘qayevning 5 yanvardagi farmoni bilan ishdan bo‘shatildi. 8 yanvar kuni MXQ Masimov davlatga xiyonatda gumon qilinib, hibsga olinganini e’lon qildi.
13 yanvar kuni maxsus xizmatlar MXQ raisining sobiq o‘rinbosari – “A” maxsus maqsadli xizmati boshlig‘i Anuar Sadiqulov va MXQ raisining sobiq o‘rinbosari Daulet Yergojinni qo‘lga oldi. Bundan tashqari, 22 fevral kuni ushbu boshqarma boshlig‘ining yana bir sobiq o‘rinbosari Marat Osipov ham hibsga olingan.
Qozog‘iston MXQ xodimlari 25 avgust kuni boshqarmaning sobiq rahbariyatiga qarshi jinoiy ish bo‘yicha tergovni yakunladi. Masimov va Sadiqulovning qilmishlari davlatga xiyonat, hokimiyatni zo‘ravonlik bilan egallab olish va mansab vakolatlarini suiiste’mol qilish moddalari bilan kvalifikatsiya qilindi. Yergojinning qilmishlari “Hokimiyatni zo‘rlik bilan egallab olish” va “Hokimiyat va mansab vakolatlarini suiiste’mol qilish” moddalari, Osipov “Hokimiyat va mansab vakolatlarini suiiste’mol qilish” moddasi bo‘yicha kvalifikatsiya qilingan.
Qozog‘istondagi namoyish
Qozog‘istonda 2022 yilning birinchi kunlarida ommaviy norozilik namoyishlari boshlandi — mamlakat g‘arbidagi Janaozen va Aqtau shaharlari aholisi suyultirilgan gaz narxining ikki barobar oshishiga qarshi chiqdi. Keyinchalik norozilik namoyishlari boshqa shaharlarga, jumladan, eski poytaxt va Respublikaning eng yirik shahri Olma-otaga ham tarqaldi: u yerda talonchilik boshlandi, namoyishchilar davlat muassasalariga hujum qilishdi, qurol-yarog‘larni olib ketishdi. Bunga javoban rasmiylar 19 yanvarga qadar butun mamlakat bo‘ylab favqulodda holat e’lon qildi va aksilterror operatsiyasini boshladi. BMT ma’lumotlariga ko‘ra, Qozog‘istondagi namoyishlar chog‘ida 1000 ga yaqin odam jarohatlangan. Mamlakat Bosh prokuraturasi ma’lumotlariga ko‘ra, tartibsizliklar natijasida 4578 kishi jarohatlangan, 225 kishi halok bo‘lgan, ulardan 19 nafari xavfsizlik xizmati xodimlari.
5 yanvar kuni ertalab Qozog‘iston Prezidenti Qosim-Jomart To‘qayev hukumatni iste’foga chiqardi va Xavfsizlik kengashiga o‘zini rahbar etib tayinladi. O‘z rahbarligidagi Xavfsizlik kengashining birinchi yig‘ilishida To‘qayev Qozog‘istondagi vaziyatni davlat yaxlitligiga putur yetkazuvchi deb baholadi va “terrorchilik tahdidini yengishda” KXSHTdan yordam so‘raganini aytdi. KXSHT Kollektiv xavfsizlik kengashi mamlakatdagi vaziyatni normallashtirish uchun Qozog‘istonga kollektiv tinchlikparvar kuchlarni yuborishga qaror qildi.
7 yanvar kuni To‘qayev terrorchilar, jumladan, xorijdan kelganlar ham qarshilik ko‘rsatishda davom etayotganini aytib, qurolini tashlamaganlarni yo‘q qilishga va’da berdi. Bundan tashqari, Prezident fuqarolarning tinch shaklda bildirilgan barcha talablari tinglanganini ta’kidladi.
13 yanvar kuni KXSHT missiyasi muvaffaqiyatli yakunlangani e’lon qilindi. 19 yanvar kuni Qozog‘iston Mudofaa vazirligi Respublikada xorijlik harbiy xizmatchilar qolmaganini ochiqladi.
LiveBarchasi