To‘qayev Masimovni afv etishdan bosh tortdi
Olam
−
24 iyul
6979Qozog‘iston Prezidenti Qosim-Jomart To‘qayev davlatga xiyonat va hokimiyatni egallab olishga urinishda ayblangan Qozog‘iston Respublikasi Milliy xavfsizlik qo‘mitasining sobiq rahbari Karim Masimovni afv etishdan bosh tortdi. Bu haqda “Informburo.kz” so‘roviga javoban Prezident ma’muriyati xabar qildi.
27 iyun kuni mahkum Masimovning afv etish haqidagi iltimosnomasi Qozog‘iston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Afv etish bo‘yicha komissiya tomonidan ko‘rib chiqilgan.
“Masimovga nisbatan afv etish to‘g‘risidagi aktni qo‘llash imkoniyatini o‘rganish natijalariga ko‘ra komissiya davlat rahbariga tegishli taklif kiritdi va u bunga rozi bo‘ldi”, deyiladi so‘rovga javobda.
Qayd etilishicha, qaror haqida ariza muallifi allaqachon xabardor qilingan.
Afv etish komissiyasi raisi, parlament deputati Marat Boshimov ham davlatga xiyonat va hokimiyatni egallab olishga urinishda ayblangan Karim Masimovning afv etilishi rad etilgani haqida xabar bergan.
Karim Masimov 2022 yil yanvar voqealari vaqtida hibsga olingan edi. Unga nisbatan ochilgan jinoiy ish “o‘ta maxfiy” toifasiga kirdi. 2023 yil aprel oyi oxirida Ostona sudi Karim Masimovni davlatga xiyonat, hokimiyatni zo‘ravonlik bilan egallab olishga urinish, hokimiyat va mansab vakolatlarini suiiste’mol qilishda ayblab, 18 yilga ozodlikdan mahrum qildi. U hukmga e’tiroz bildirmoqchi bo‘ldi, ammo apellyatsiya sudi hukmni o‘zgarishsiz qoldirdi.
Ayni paytda, Masimovga nisbatan Jinoyat kodeksining 218-moddasi 3-qismi 3-bandi (Jinoiy yo‘l bilan olingan daromadlarni va boshqa mol-mulkni legallashtirish) va 366-modda 4-qismi (o‘ta yirik miqdorda pora olish) bo‘yicha dastlabki tergov harakatlari davom ettirilmoqda.
LiveBarchasi