Milliy xavfsizlik qo‘mitasining sobiq rahbari afv etilmadi
Olam
−
28 iyun
11851Qozog‘iston Prezidenti huzuridagi Amnistiya komissiyasi Milliy xavfsizlik qo‘mitasining sobiq rahbari, sobiq bosh vazir Karim Masimovni afv etishni rad etdi. Bu haqda parlament deputati Abzal Kuspan ijtimoiy tarmoqdagi sahifasida yozdi.
Avvalroq Qozog‘iston Prezidenti ma’muriyati Masimovni afv etish to‘g‘risidagi ariza tushganini tasdiqlagan edi. Qozog‘istonning sobiq bosh vaziri 2024 yil mart oyida Prezident Qosim-Jomart To‘qayevdan afv so‘rab, xat yozgan, biroq bu haqda faqat iyun oyi boshida ma’lum bo‘ldi.
Shundan so‘ng Milliy xavfsizlik qo‘mitasi Masimovga nisbatan Jinoyat kodeksining 218-moddasi 3-qismi 3-bandi (Jinoiy yo‘l bilan olingan daromadlarni va boshqa mol-mulkni legallashtirish ) va 366-modda 4-qismi (Pora olish, ayniqsa katta hajmdagi) bo‘yicha tergovga qadar tergov harakatlari olib borilayotganini ma’lum qildi.
O‘tgan yilning aprel oyida Ostona sudi Karim Masimovni davlatga xiyonat, hokimiyatni zo‘ravonlik bilan egallab olishga urinish, hokimiyat va mansab vakolatlarini suiiste’mol qilishda ayblab, 18 yilga ozodlikdan mahrum qilgan edi. Uning o‘rinbosarlari Anvar Sadiqulov, Daulet Ergojin va Marat Osipov ham jazo oldi.
2022 yil yanvar oyi boshida Milliy xavfsizlik qo‘mitasi Karim Masimovning hibsga olingani haqida xabar bergan. Unga nisbatan jinoyat ishi “o‘ta maxfiy” toifasiga kirdi. Milliy xavfsizlik qo‘mitasining sobiq rahbari Qozog‘istondagi yanvar voqealarining asosiy tashkilotchisi sifatida tan olingan. Rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, mazkur to‘polonlarda 238 nafar qozog‘istonlik qurbon bo‘lgan.