“Mxitaryan ishi”: siyosat Yevropa ligasi finaliga putur yetkazdi
Sport
−
26 may 2019
5551Xabaringiz bor, joriy yilning 29 may kuni Ozarbayjon poytaxti Baku shahrida Yevropa ligasi finali o‘tkaziladi. Angliyaning “Arsenal” va “Chelsi” klublari o‘rtasidagi final “Olimpiya” stadionida bo‘lib o‘tadi.
Ammo Armaniston va Ozarbayjon o‘rtasidagi siyosiy muammolar sabab “Arsenal”ning arman yarimhimoyaichi Genrix Mxitaryan finalda jamoasiga yordam bera olmaydi. Mxitaryanning Bakuga kelmasligi haqida Armaniston Tashqi ishlar vazirligi rasmiy bayonot ham berdi.
Ma’lumot uchun, Ozarbayjon va Armaniston o‘rtasida Tog‘li Qorabog‘ hududi sabab bir necha o‘n yillardan beri ziddiyatli vaziyat saqlanib turibdi.
Ozarbayojon TIV Matbuot xizmati rahbari Leyla Abdullayeva Armaniston TIV bayonotiga javob qaytarib, mamlakat “Arsenal” klubining arman o‘yinchisini o‘zining siyosiy tashviqotlari yo‘lida foydalanayotganini ta’kidladi.
Abdullayeva birinchi navbatda, Ozarbayjon 29 may kuni Bakuda o‘tkaziladigan Yevropa ligasi finalida ishtirok etadigan barcha o‘yinchilarning, shu jumladan, “Arsenal” futbolchisi Genrix Mxitaryan va muxlislarning xavfsizligini to‘la ta’minlashini qayd etdi.
“Shaxsan men TIV Matbuot kotibi sifatida shu xususda berilgan savollarga javoban bir necha marta Ozarbayjon sportni siyosatga aralashtirmasligini ta’kidladim. Ozarbayjon birinchi marta muhim sport musobaqalarini o‘tkazmayapti, bugungacha poytaxtimizda o‘tkazilgan musobaqalarda armanistonlik sportchilar ham ishtirok etgan”, deydi Leyla Abdullayeva.
Uning so‘zlariga ko‘ra, Armaniston TIVning “Arsenal” tarkibidagi arman o‘inchisining Bakudagi finalda o‘ynashdan bosh tortishi to‘g‘risidagi bayonoti rasmiy Yerevanning sportni siyosat quroliga aylantirish maqsadida ekanidan dalolat beradi.
Yarimhimoyachi Genrix Mxitaryan Bakuda o‘tadigan Yevropa ligasi finali “Arsenal”ga yordam bera olmaydi, deb xabar berdi “The Times”.
Nashr ma’lumotiga ko‘ra, klub 30 yoshli xavbekni xavfsizlik yuzasidan Londonda qoldirishni rejalashtiryapti. Shuningdek, klub ayni jihat final oldidan “Chelsi”ni chalg‘itishini istamayapti.
Mxitaryan avval YeLning guruh bosqichida ikki marta Ozarbayjondagi o‘yinlarda ishtirok etmagandi. Futbolchi “Qorabog‘”ga qarshi o‘yinni o‘tkazib yuborgan. Undan avvalroq “Borussiya” tarkibida ham Ozarbayjondagi o‘yinlarda jamoasiga yorda bera olmagan.
“Arsenal” yuzaga kelgan holatdan hayratda, biroq vaziyatni yanada chigallashtirmaslik uchun shunday qaror qilish kerakligini tushunib turibdi”, deb ta’kidlaydi “The Times”.
Ozarbayjon TIV avvalroq Bakuda Mxitaryanning xavfsizligi ta’minlanishini kafolatlagandi.
Ozarbayjon TIV bayonotida mamlakatda turli din va millat vakillari tinchlik hamda o‘zaro hurmat asosida yashab kelishi aohida ta’kidlangan.
“Bakuda o‘tadigan Yevropa ligasi finalini yuqori darajada tashkil etish, xorijlik futbolchilar va muxlislarni Ozarbayjondagi real vaziyat bilan yaqindan tanishtirish, Armaniston TIVning asossiz ayblovlariga eng to‘g‘ri javob bo‘ladi”, degan Leyla Abdullayeva.