“Miss Universe” tanlovida janjal chiqdi (video)

Olam

image

Joriy yil dunyoning eng go‘zal qizlari tanlovi Tailandda o‘tkazilmoqda. Kecha, 5 noyabr kuni “Miss Universe 2025” – 74-xalqaro go‘zallik tanlovining tantanali kutib olish marosimi bo‘lib o‘tdi. Unda tadbir vitse-prezidenti Meksika vakilasini “ahmoq” deb atadi va bunga javoban bir nechta ishtirokchilar zaldan chiqib ketdi. Bu haqda “International Business Times” xabar berdi.

Qayd etilishicha, Bangkokdagi mehmonxonada ishtirokchilar yashayotgan joyda tartibsizlik boshlangan. Buning sababi tanlovning yuqori lavozimli vakili “Miss Mexico” Melisse Flores Boshni omma oldida haqoratlagani bo‘lgan. Bu esa boshqa qizlarning noroziligini keltirib chiqargan.

Voqea jonli efir vaqtida sodir bo‘lgan. “Miss Universe” tanlovining Osiyo va Okeaniya bo‘yicha vitse-prezidenti Navat Isaragrisil homiylik fotosessiyasida qatnashmagani uchun Melissega murojaat qilib, kameralar oldida tushuntirish berishni talab qilgan. Qiz esa buni istamasligini aytgach, Navat uni gapini bo‘lib “ahmoq”, deya atagan va xavfsizlik xodimlariga uni chiqarib yuborishni buyurgan. Melisse zalni tark etgan, ortidan esa 2024 yilgi “Miss Universe” g‘olibi Viktoriya Ker Teylvig ham turib, tadbirdan ketishini e’lon qilgan. 

“Men ovozim eshitilishini istayman va undan qo‘rqmayman. XXI asrda yashayapmiz. Men bo‘yanadigan, kiyintiriladigan qo‘g‘irchoq emasman. Bu yerga barcha ayollar va qizlar nomidan ovoz ko‘tarish uchun keldim. Mamlakatim bilsin – men bunga to‘liq sodiqman”, deydi Meksika vakili Melisse Flores Bosh. 

Eslatib o‘tamiz, avvalroq chexiyalik model Natali Pushkinova 2025 yilgi “Dunyo go‘zali” tanlovida mutloq g‘olib bo‘lgan edi. Tanlovda jami 79 mamlakat vakillari ishtirok etgan. Eng yaxshi ko‘rinish uchun sovrin Kolumbiyaga, kechki libos ko‘rinishi uchun Kuba vakiliga berilgan.

Mohichehra Qadamova


Maqola muallifi

avatar

.

Teglar

Tailand Miss Universe Melisse Flores

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing