Misrning kuchli tomonlarini yaxshi bilamiz – Temur Kapadze
Sport
−
26 iyul
4953O‘zbekiston Olimpiya terma jamoasi ustozi Temur Kapadze Olimpiada o‘yinlarining futbol bahslari guruh bosqichi 2-turi doirasida Misrga qarshi o‘tkaziladigan bahs oldidan o‘z fikrlari bilan o‘rtoqlashdi.
“Kecha Nant shahriga yetib keldik, tayyorgarlikni davom ettirmoqdamiz. Oldimizda Misrga qarshi uchrashuv kutib turibdi. Eng asosiysi – hamma sog‘-salomat, biroq bitta yo‘qotishimiz bor. Himoyachimiz Ibrohimhalil oilaviy sabablarga ko‘ra terma jamoa ixtiyorini tark etishga majbur bo‘ldi. Lekin bunga qaramasdan reja bo‘yicha mashg‘ulotlarni davom ettiryapmiz va ertangi uchrashuvda g‘alaba qozonishga harakat qilamiz”, deydi murabbiy.
Shuningdek, mutaxassis bo‘lajak raqib borasida ham o‘z munosabatini bildirdi.
“Misrga kelsak, Afrikaning eng kuchli jamoalaridan biri. Ular bilan o‘tgan yili Toshkentda o‘ynaganmiz. Raqibimizning kuchli tomonlari va imkoniyatlarini yaxshi bilamiz. Shunga yarasha biz ham o‘z rejamizga ko‘ra tayyorgarlik ko‘ramiz va g‘alaba qozonish uchun bor imkoniyatimizni ishga solamiz”, deydi Kapadze.
Kapadze jamoaning birinchi o‘yinda yo‘l qo‘ygan xatolariga ham to‘xtalib, kamchiliklarni bo‘lajak o‘yinlarda bartaraf etish bo‘yicha ish olib borilayotganini bildirdi.
“Birinchi uchrashuvdan keyin o‘yinimizni tahlil qilib chiqdik va o‘zimizga kerakli bo‘lgan xulosalarni chiqardik. O‘yin davomida ba’zi vaziyatlarda yaxshiroq o‘ynadik, ba’zida esa kamchiliklar ham ko‘zga tashlandi. Biroq, aytganimdek, xatolar ustida ishlab boryapmiz va hozirda bor e’tiborimiz ertangi o‘yinga qaratilgan. Jamoada qolgan barcha sog‘, muammo yo‘q. Ibrohimhalil ketganidan so‘ng zaxira futbolchilarimizdan birini qaydnomaga kiritishga harakat qilyapmiz. Bu borada tashkiliy qo‘mitaga so‘rov yubordik, hozircha javobni kutmoqdamiz”, deya qo‘shimcha qildi mutaxassis.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq O‘zbekiston-Misr o‘yiniga hakam tayinlagani xabar qilingandi.
LiveBarchasi