Misrda tarqalgan noma’lum kasallik denge bezgagi bo‘lib chiqdi
Olam
−
19 iyul 2023
3873Misrning Qena provinsiyasidagi El-Alikat qishlog‘i aholisida denge bezgagi aniqlandi. Bu haqda “Ahram Online” nashri xabar berdi.
Mamlakat Prezidentining sog‘liqni saqlash bo‘yicha maslahatchisi Muhammad Avad Tag El-Din bu denge bezgagi ekanligini va noma’lum kasallik emasligini aytgan. U kasallikka issiq havo va chivinlar qo‘ngan ifloslangan suv havzalari sabab bo‘lganini aytmoqda.
Sog‘liqni saqlash vazirligi ma’lumotlariga ko‘ra, yuqori isitma, og‘riq, bosh og‘rig‘i, qusish va ich ketishidan shikoyat qilgan bemorlarning barchasida yengil alomatlar kuzatilgan. Ular ambulatoriya sharoitida davolangan. O‘lim holati haqida xabar berilmagan.
Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti ma’lumotlariga ko‘ra, denge uchun maxsus davolash protokoli mavjud emas va yetti kun davom etadigan alomatlar odatda og‘riq qoldiruvchi vositalar bilan davolanadi. Biroq kamdan-kam hollarda kasallik o‘limga olib kelishi mumkin. Shuningdek, har yili dunyo bo‘ylab 390 millionga yaqin odamda denge bezgagi kuzatildi.
Mamlakat Prezidenti maslahatchisining so‘zlariga ko‘ra, Misr kelgusida aholini denge bezgagiga qarshi emlashi mumkin.
Ma’lumot uchun, denge bezgagi subtropik va tropik iqlimi bo‘lgan mintaqalarda keng tarqalgan xavfli virusli kasallik hisoblanadi. Dengening asosiy tashuvchisi - Aedes aegypti turidagi chivinlardir. Tashuvchi bo‘lmaganda u bilan kasallangan odam yon-atrofdagilar uchun xavfli emas. Kasallikning belgilari - isitma, ko‘ngil aynishi, toshma va bosh og‘rig‘i.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Misrning Qena provinsiyasidagi El-Alikat qishlog‘i aholisi orasida noma’lum kasallik tarqalgani va 1000 nafarga yaqin qishloq aholisi noma’lum kasallik alomatlaridan shikoyat qilib, shifokorga murojaat qilgan edi.
LiveBarchasi