Misrda avtobus yonib ketishi oqibatida 16 kishi halok bo‘ldi
Olam
−
12:15 464 2 daqiqa
Misrning Janubiy Sinay viloyatidagi Dahab – Nuveyba yo‘lida avtobus ag‘darilishi oqibatida 16 kishi halok bo‘ldi, yana 28 kishi jarohatlandi. Bu haqda “Reuters” xabar berdi.
Qayd etilishicha, hodisa bugun, 2 sentyabr kuni Dahab va Nuveyba shaharlarini bog‘lovchi yo‘lda, Nuveyba shahri tomon harakatlanish yo‘nalishidagi Saada hududi yaqinida sodir bo‘lgan. Misr Sog‘liqni saqlash vazirligi ma’lumotiga ko‘ra, dastlabki hisob-kitoblarda 16 kishi voqea joyida halok bo‘lgani, 28 nafar yo‘lovchi esa jarohat olgani aniqlangan.
Hodisa haqida xabar olinishi bilan qutqaruv xizmatlari 20 ta tez yordam mashinasini voqea joyiga yuborgan. Jarohatlanganlar birinchi tibbiy yordam ko‘rsatilganidan keyin yaqindagi shifoxonalarga olib ketilgan.
Misr Sog‘liqni saqlash vaziri Xolid Abdulg‘affor jabrlanganlarga zarur tibbiy yordam ko‘rsatish va dori-darmon hamda boshqa tibbiy vositalar bilan ta’minlash bo‘yicha ko‘rsatma bergan. Vazirlik hodisa bilan bog‘liq vaziyatni kuzatib bormoqda, tibbiy jamoalar esa jarohatlanganlarning ahvolini nazorat qilmoqda.
Hozircha avtobus halokatining aniq sababi, shuningdek, halok bo‘lganlar va jabrlanganlarning shaxsi hamda fuqaroligi haqida rasmiy ma’lumot berilmagan. Huquqni muhofaza qiluvchi organlar hodisa yuzasidan tegishli choralarni ko‘rmoqda va uning sabablarini aniqlash ishlari olib borilmoqda.
Ma’lumot uchun, Dahab va Nuveyba Janubiy Sinayning Qizil dengiz sohilidagi mashhur sayyohlik shaharlari hisoblanadi. Hudud xorijlik sayyohlar, xususan, suv ostiga sho‘ng‘ish bilan shug‘ullanuvchilar orasida mashhur.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Misrning Yangi Qohira shahridagi savdo markazida geliy balloni portlashi oqibatida 3 kishi halok bo‘ldi, 17 kishi jarohatlangandi.
Live
Barchasi