Misr Prezidenti Liviyaga bostirib kirishi mumkinligini aytdi

Olam

image

Misr Prezidenti Abdul Fattoh As-Sisi mamlakatning qo‘shni Liviyadagi ishlarga aralashuvini qonuniy deb hisoblamoqda. U bu o‘rinda harbiy aralashuvni ham inkor qilmayapti. Bu haqda “Sky News Arabia” xabar berdi.

U Liviya bilan chegara yaqinidagi quruqlik qo‘shinlarining Sidi-Barrani bazasiga tashrifi vaqtida shunday bayonot berdi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, Misrning Liviyadagi ishlarga har qanday aralashuvi qonuniy va chegaralarni himoya qilish uchun, shuningdek, qon to‘kishlarni to‘xtatib, BMT shafeligida siyosiy jarayonlarni boshlash maqsadida amalga oshiriladi.

“Mamlakat ichida yoki zarurat tug‘ilsa, bizning chegaralarimiz ortida har qanday vazifani bajarishga tayyor turing”, degan As-Sisi.

Ta’kidlash kerakki, Misr yetakchisi Liviyadani mojarolarda BMT tomonidan tan olingan Faiz Sarroj boshchiligidagi Liviya Milliy birdamlik hukumatini emas, unga qarshi kurashayotgan Xalifa Haftar kuchlarini qo‘llab-quvvatlaydi. O‘z navbatida Liviya sharqida boshqaruvni amalga oshiruvchi parlament As-Sisining mamlakatga bostirib kirish rejasini ma’qullagan.

Ma’lumot uchun, 2011 yilda Muammar Qazzofi o‘ldirilganidan keyin Liviya yagona davlat bo‘lmay qoldi. Hozir ham mamlakatda qo‘shhokimiyatchilik mavjud. Sharqda parlament boshqaruvi, poytaxt Tripolida BMT va Yevropa Ittifoqi ko‘magida shakllantirilgan Faiz Sarroj boshchiligidagi Milliy birdamlik hukumati boshqaruvni amalga oshiradi.

Mamlakat sharqidagi hokimiyat vakillari Tripolidan mustaqil faoliyat olib boradi va Xalifa Haftar bilan hamkorlik qiladi. Xalifa Haftar 2019 yil aprel oyidan beri Tripolini egallashga harakat qilyapti.

Bugungacha Liviyada urush harakatini to‘xtatish uchun harakat qilindi. Xususan, Rossiya va Turkiya Sarroj va Haftarni muzokaralar stoliga olib keldi. Biroq LMA qo‘mondoni yakuniy bitimni imzolashdan bosh tortdi.

So‘nggi vaqtlarda esa Turkiyaning qo‘llab-quvvatlashi natijasida hukumat qo‘shinlari Haftar kuchlarini tang ahvolga solib qo‘ya boshladi. Misr Prezidentining Liviyaga bostirib kirish haqidagi bayonoti Haftarga o‘zini tiklab olishi uchun vaqtdan yutish maqsadida qilingan bo‘lishi ehtimoli yo‘q emas.


Maqola muallifi

Teglar

Misr Liviya

Baholaganlar

156

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing