Misr Isroil va HAMASga yangi sulh rejasini taklif qildi
Olam
−
14 mart
1056Misr Isroil va Falastinning HAMAS harakatiga G‘azo sektorida 60 kunlik sulh, garovga olingan qolgan isroilliklarni ozod qilish va urushni to‘xtatish bo‘yicha muzokaralarni boshlashni o‘z ichiga olgan yangi kelishuv takliflarini taqdim etdi. Bu haqda “The National” xabar berdi.
Qayd etilishicha, HAMASning tashabbusga dastlabki munosabati “umidbaxsh” bo‘lgan, biroq Isroil hukumati hali ham takliflarni o‘rganmoqda.
“Misr rejasi yangi yo‘l xaritasi bo‘lib, uning asosiy bandlari amerikaliklar bilan kelishilgan. U G‘azoda o‘t ochishni to‘xtatish rejimi muddati tugagan 1 martdan beri biz duch kelgan boshi berk ko‘chadan chiqish uchun mo‘ljallangan”, deyiladi xabarda.
Qolaversa, 11 mart kuni Isroil Misrning vositachilar bilan tuzgan rejasini qoralash uchun Qatarga o‘z delegatsiyasini yuborgan.
Misr takliflariga ko‘ra, sulhning yangi bosqichi o‘n nafar garovga olinganlarni, jumladan, Falastin anklavida ushlab turilgan besh nafar Amerika fuqarosining barchasini yoki bir qismini ozod qilish bilan boshlanadi. Manbalarning aniqlik kiritishicha, ularni ozod qilish bosqichma-bosqich amalga oshirilishi kerak. Har bir bosqich doirasida Isroil ma’lum miqdordagi falastinlik mahbuslarni ozod qiladi. Nashr ma’lumotlariga ko‘ra, birinchi to‘lqinga Falastin guruhlarining yuqori martabali vakillari kirishi mumkin. Shuningdek, ushbu sulh rejasida Isroilning G‘azo sektoriga insonparvarlik yordami, yoqilg‘i va eng zarur narsalarni yetkazib berishga qo‘ygan taqiqini bekor qilish taklif qilinmoqda. Bundan tashqari, muzokaralar muvaffaqiyatli o‘tsa, Isroil qo‘shinlarini G‘azo sektoridan to‘liq olib chiqish va doimiy o‘t ochishni to‘xtatish bo‘yicha muzokaralar boshlanishi mumkin.
Ma’lumot uchun, joriy yilning 1 mart kuni G‘azoda o‘t ochishni to‘xtatish bo‘yicha kelishuvning birinchi bosqichi yakunlandi, unda garovga olingan 33 kishi, jumladan, halok bo‘lganlar Isroilga qaytarildi. Buning evaziga Isroil 1,5 mingdan ortiq falastinlikni qamoqdan ozod qildi. Ertasi kuni Isroil Bosh vaziri Binyamin Netanyaxu G‘azoga insonparvarlik yordami yetkazib berish to‘xtatilishini va barcha nazorat-o‘tkazish punktlari yopilishini e’lon qildi. Isroil tomoni buni HAMASning AQSH Prezidenti maxsus vakili Stiven Uitkoffning sulhni uzaytirish rejasini qabul qilishdan bosh tortgani bilan izohladi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Isroil kuchlarining G‘azo sektoriga hujumi oqibatida bir kun ichida sakkiz kishi halok bo‘lgani haqida xabar berilgandi. Ushbu harakat sulh talablarini buzish deb baholangan.
LiveBarchasi
Trenddagilar

