Mishustin SHHT sammitida Rossiya uchun og‘riqli mavzuni ko‘tardi

Olam

image

Rossiya Bosh vaziri Mixail Mishustin Shanxay Hamkorlik Tashkilotiga (SHHT) a’zo davlatlar Hukumat rahbarlarining videokonferensiya shaklida o‘tgan kengashi yig‘ilishida so‘zga chiqib, G‘arb zamonaviy dunyoning ko‘p qutbliligini qabul qilishga tayyor emasligi va sanksiyalar orqali imtiyozli pozitsiyani saqlab qolishga intilayotganini aytdi. Uning nutqi RF hukumat portalida e’lon qilingan.

“Sanksiyalar ichki ishlarga aralashish vositasiga aylanib bormoqda, turli uydirma bahonalar bilan savdo va investitsiyada proteksionistik choralar joriy qilinyapti”, deydi Mishustin.

Shuningdek, Rossiya Bosh vaziri koronavirus pandemiyasi vaziyatni yanada og‘irlashtirayotganini aytdi. Uning ta’kidlashicha, dunyoda iqtisodiy faollik va savdo aylanmasining pasayishi, daromadning pasayishi, ishsizlikning ko‘payishi kuzatilayotgan paytda COVID-19 istisnosiz barcha davlatlar uchun stress imtihoniga aylandi.

“Shu bilan birga, ba’zi taxminlarga ko‘ra, SHHTga a’zo davlatlar iqtisodiyotining bu yilgi o‘rtacha pasayishi jahon iqtisodiyotidagi pasayishdan kamroq bo‘ladi”, deb qo‘shimcha qildi Bosh vazir. Uning so‘zlariga ko‘ra, bu kelajakka biroz ishonch bag‘ishlaydi.

Eslatib o‘tamiz, joriy yilning noyabr oyi boshida AQSH Rossiyaning “Aviazapchast”, “Elekon” va Nilco Group kompaniyasi hamda Xitoyning ikkita kompaniyasiga qarshi sanksiyalar joriy qildi.  

AQSH Davlat kotibi Mayk Pompeoning so‘zlariga ko‘ra, cheklovlar Eronning raketa dasturini to‘xtatishga qaratilgan. Cheklovlar orasida ushbu kompaniyalar bilan har qanday tovar va texnologiyalarni sotib olish uchun shartnomalar tuzish va ularga davlat idoralaridan yordam berish kabi choralar bor.

Ma’lumot uchun, joriy yilning noyabr oyi oxirida Prezident Vladimir Putin G‘arb davlatlariga qarshi sanksiyalarni 2021 yil oxirigacha va rasmiy Moskvaga cheklovlar qo‘ygan davlatlardan oziq-ovqat, xomashyo, qishloq xo‘jaligi mahsulotlarining ayrim turlarini olib kirishga qo‘yilgan taqiqni uzaytirdi.

Qayd etish kerakki, Rossiya 2014 yilda Ukrainaning Qrim yarimorolini o‘ziga qo‘shib olganidan keyin G‘arb davlatlari unga qarshi sanksiyalar joriy qilgandi. O‘tgan 6 yil ichida rasmiy Moskva buni inkor qilsa ham sanksiyalar o‘z ishini qildi va bu aholi turmush darajasida namoyon bo‘ldi.


Maqola muallifi

Teglar

Mixail Mishustin

Baholaganlar

232

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing