Rossiya “buzg‘unchi qadriyatlarni o‘rnatadigan” davlatlar ro‘yxatini tuzdi
Olam
−
21 Sentabr
11375Rossiya Bosh vaziri Mixail Mishustin hukumat tomonidan tuzilgan “rus ma’naviy va axloqiy qadriyatlariga zid bo‘lgan buzg‘unchi, neoliberal munosabatlarni o‘rnatadigan” mamlakatlar ro‘yxatini tasdiqladi. Bu haqda “The Moscow Times” xabar berdi.
Ro‘yxatga Yevropa Ittifoqining deyarli barcha mamlakatlari, Slovakiya va Vengriya, shuningdek, AQSH, Buyuk Britaniya, Ukraina, Yaponiya, Cingapur, Tayvan va hatto Mikroneziya, Andorra va Bagama orollari – jami 47 ta davlat va hudud kiritilgan.
Joriy yilning avgust oyida Rossiya Prezidenti Vladimir Putin imzolagan farmonga ko‘ra, bunday ro‘yxatdagi davlatlar fuqarolari, agar ular neoliberal buzg‘unchi munosabatlardan aziyat chekkan bo‘lsa, Rossiyada yashash uchun ruxsat olishlari mumkin. Ulardan rus tili, rus madaniyati yoki tarixini bilish talab etilmaydi. Bildirilishicha, qaror insonning asosiy huquq va erkinliklarini himoya qilish hamda Rossiya bilan ma’naviy, madaniy va huquqiy aloqani tanlaganlarni qo‘llab-quvvatlash maqsadida qabul qilingan.
Tashqi ishlar vazirligi esa bunday xorijliklarga uch oylik bir martalik vizalar beradi. Buning uchun ular yashash joyidagi Rossiya elchixonasi yoki konsulligiga murojaat qilishlari kerak. Biroq hujjatda ariza beruvchilarning an’anaviy ma’naviy-axloqiy qadriyatlarga sodiqligi qanday tekshirilishi aniq ko‘rsatilmagan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Rossiya Federatsiyasi Ichki ishlar vazirining birinchi o‘rinbosari Aleksandr Gorovoy “Kommersant” nashriga bergan intervyusida Rossiya hozirda mamlakatda noqonuniy bo‘lib turgan xorijliklarning reyestrini tuzayotganini ma’lum qilgandi.
LiveBarchasi