Mishustin Pezeshkiyon bilan uchrashdi (video)

Olam

image

Rossiya Bosh vaziri Mixail Mishustin Eronga rasmiy tashrifi davomida mamlakat Prezidenti Mas’ud Pezeshkiyon bilan uchrashdi. Bu haqda Rossiya hukumati rasmiy saytida xabar berildi.

Tomonlar hamkorlikning asosiy yo‘nalishlarini muhokama qilgan va ikki mamlakat o‘rtasidagi o‘zaro hamkorlik yuqori sur’atlarda rivojlanayotganini qayd etgan. Rossiya hukumati rahbarining aytishicha, 7 oy ichida tovar ayirboshlash 6,5 foizga oshgan. Biroq hamkorlikni chuqurlashtirish imkoniyatlari bu soha bilan cheklanib qolmaydi. U, shuningdek, bu uning Tehronga Bosh vazir sifatidagi ilk tashrifi ekanini ta’kidladi.

O‘z navbatida, Mas’ud Pezeshkiyon ikki tomonlama munosabatlarning yaxshi qo‘shnichilik xususiyati va ularni mustahkamlash zarurligi haqida gapirdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, Moskva va Tehronning pozitsiyalari yirik xalqaro muammolar bo‘yicha mos keladi. Prezident, shuningdek, BRICS va Shanxay hamkorlik tashkilotining jahon miqyosidagi yetakchi rolini qayd etdi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Eron Prezidenti Mas’ud Pezeshkiyon “Yangi dunyoga mening xabarim” deb nomlangan shaxsiy fikrlari aks etgan maqolasini e’lon qilgandi. Unda mintaqadagi mojaro va beqarorlik sharoitida Eronda tartibli va tinch saylovlar o‘tkazish orqali mamlakatning favqulodda barqarorligiga erishilganiga to‘xtalib o‘tilgan. Prezident o‘z maqolasida Xitoy va Rossiya Eronni qiyin paytlarda ham doimiy ravishda qo‘llab-quvvatlaganini aytib, Xitoy bilan tuzilgan 25 yillik reja o‘zaro manfaatli hamkorlikni yo‘lga qo‘yish uchun muhim qadam ekanini tushuntirgan. Rossiyani esa “qimmat strategik ittifoqchi” deb atagan.

Shuningdek, Rossiya Federatsiyasi Tashqi ishlar vaziri o‘rinbosari Sergey Ryabkov Qo‘shma Shtatlarni Rossiya Federatsiyasi va Eron o‘rtasidagi harbiy-texnik hamkorlikka “burnini tiqishtirmaslikka” chaqirgan. Ryabkovga ko‘ra, mamlakatlarning hamkorligi vaqt sinovidan o‘tgan, unda xalqaro majburiyatlar nuqtai nazaridan biror narsani buzadigan yoki kimningdir xavfsizligiga yoki mintaqaviy muvozanatiga salbiy ta’sir ko‘rsatadigan elementlar mavjud emas. Uning qo‘shimcha qilishicha, Rossiya va Eron o‘rtasidagi hamkorlik siyosat, iqtisodiyot va transport sohalarida juda uzoqqa cho‘zilgan.

Avgust oyida Eron Prezidenti Mas’ud Pezeshkiyon Rossiya Xavfsizlik kengashi kotibi Sergey Shoyguni qabul qilgan va ular ikki tomonlama kelishuvlarni amalga oshirish masalalarini muhokama qilgandi.

23 sentyabr kuni esa Pezeshkiyon BMT Bosh assambleyasi chog‘ida Yevropa davlatlari va AQSH vakillari bilan Ukrainadagi vaziyatni muhokama qilishga tayyor ekanini aytdi.


Maqola muallifi

Teglar

Eron Mixail Mishustin Mas'ud Pezeshkiyon

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing

online_predictionLive

Barchasicall_made