Mirziyoyevning maxsus vakili “Tolibon” bilan Qatarda uchrashdi — OAV

Olam

image

Joriy yilning 11 avgust kuni Turkmaniston, O‘zbekiston va Rossiya Federatsiyasi delegatsiyalari Afg‘onistonda harbiy keskinlik ortishi fonida “Tolibon”ning siyosiy masalalar bo‘yicha komissiyasi rahbari bilan Qatarda muzokara o‘tkazdi. Bu haqda “Pars today” xabar berdi.

“Tolibon” vakilining matbuotga bildirishicha, harakat yetakchilaridan biri mulla Abdul G‘ani Barodar Qatarda Turkmaniston Tashqi ishlar vaziri o‘rinbosari Vepa Hojiyev va O‘zbekiston Prezidentining Afg‘oniston bo‘yicha maxsus vakili Ismatulla Irgashev bilan uchrashgan. Bu uchrashuvda tomonlar Afg‘onistondagi vaziyatni muhokama qilgan.

Harakat vakili Zabihulloh Mujohid uchrashuvda mintaqaviy masalalar, shu jumladan, Afg‘oniston va Markaziy Osiyo respublikalari o‘rtasidagi savdo aloqalari muhokama qilinganini ta’kidlagan.

Qayd etilishicha, Mulla Abdul G‘ani Barodar hamda Hojiyev ikki tomonlama munosabatlar, chegara muammolari, iqtisodiy loyihalar va Turkmanistonning Afg‘onistondagi diplomatik vakolatxonalari xavfsizligi masalalari yuzasidan fikr almashgan.

“Tolibon”ning boshqa bir vakili Suhayl Shohin harakat yetakchilaridan biri Mulla Abdul G‘ani Barodar Rossiya Prezidentining Afg‘oniston bo‘yicha maxsus vakili Zamir Kabulov bilan Afg‘onistondagi joriy holat yuzasidan fikr almashganini qayd etgan.

Ta’kidlash kerakki, Rossiya va Markaziy Osiyo rasmiylari “Tolibon” jangarilari Afg‘onistonning ko‘plab hududlarini egallab olayotgan bir paytda ular bilan muzokara olib bormoqda.

Turkmaniston matbuotida tarqatilgan xabarga ko‘ra, “Tolibon”ning Qatardagi siyosiy ofisi vakillari bilan uchrashuvda BMT, Yevropa Ittifoqi, AQSH, Buyuk Britaniya, Xitoy va Pokiston vakillari ham qatnashgan.


Maqola muallifi

Teglar

Tolibon

Baholaganlar

2404

Reyting

2.9

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing