Birinchi xonim Mirziyoyeva JSST rahbari bilan uchrashdi

Jamiyat

image

O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning rafiqasi, “Zamin” fondi Vasiylik kengashi raisi Ziroatxon Mirziyoyeva Nyu-York shahridagi Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasi doirasida Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti (JSST) Bosh direktori, doktor Tedros Adanom Gebreisus bilan uchrashuv o‘tkazdi. Bu haqda “Zamin” xalqaro jamoat fondi xabar berdi. 

Mirziyoyeva JSST rahbariga tashkilotning dunyoda tibbiyot va sog‘liqni saqlashni rivojlantirishga qo‘shayotgan ulkan hissasi, O‘zbekiston bolalari saratonga qarshi dori vositalaridan foydalanishini ta’minlash bo‘yicha global platformani qo‘llab-quvvatlagani va kengaytirgani uchun minnatdorlik bildirgan.

Tomonlar hamkorlikni yanada faollashtirishga, xususan, bolalar saratonini erta aniqlash, diagnostika va davolashning zamonaviy usullarini joriy etish, onkologiya va gematologiya sohasida mutaxassislarni tayyorlash, shuningdek, bolalar va ularning oilalariga reabilitatsiya va ruhiy-ijtimoiy yordam ko‘rsatish imkoniyatlarini kengaytirishga tayyor ekanligini ta’kidlagan.

JSST rahbari O‘zbekistonning sog‘liqni saqlash sohasidagi ishlariga hamda muhim ijtimoiy va ekologik loyihalarni amalga oshirayotgan “Zamin” fondi faoliyatiga yuksak baho bergan. 

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Birinchi xonim Ziroatxon Mirziyoyeva Nyu-York shahriga tashrif doirasida Turkiya Respublikasining Birinchi xonimi Emina Erdo‘g‘anning taklifiga binoan ushbu mamlakat madaniy merosiga bag‘ishlangan ko‘rgazma bilan tanishgandi.


Maqola muallifi

Teglar

Zamin Tedros Adanom Gebreisus Ziroatxon Mirziyoeva

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing