Mirziyoyeva Xorazmda qizlarni Adliya xodimi zo‘rlaganidan xavotirga tushdi

Jamiyat

image

Xorazmda Mehribonlik uyi tarbiyalanuvchilarini muntazam ravishda zo‘rlab kelingani, buni amalga oshirgan kimsalar orasida esa huquq idoralari xodimlari borligi nihoyatda xavotirlidir. Bu haqda O‘zbekiston Prezidenti Administratsiyasi Ijro etuvchi apparatining Kommunikatsiyalar va axborot siyosati bo‘yicha sho‘ba mudiri Saida Mirziyoyeva Telegram-kanalida yozib qoldirdi.

Uning qayd etishicha, ushbu jirkanch voqea qonunchilikdagi bo‘shliqlarni o‘zida aks ettirgan. 

"Xorazmda yuz bergan fojia jamiyatda keskin muhokamalarga sabab bo‘ldi. Bu holat qonunchiligimizda jiddiy muammolar borligi va ushbu bo‘shliqdan jirkanch shaxslar foydalanib qolayotganini ko‘rsatmoqda. Voqea ishtirokchilari orasida huquq idorasi vakillari ham borligi esa nihoyatda xavotirlidir", deydi Prezident Mirziyoyevning to‘ng‘ich qizi.

U mamlakat Bosh prokuraturasidan mazkur holatga alohida e’tibor qaratib, sinchiklab o‘rganishini va huquqiy baho berishini so‘ragan.

"Biz mavjud qonunchilikni qayta ko‘rib chiqib, takomillashtirish, turli “lazeyka”larni yopish, oilaviy zo‘ravonlik bo‘yicha qonunni qabul qilishni tezlashtirishimiz zarur. Mazkur qonun loyihasi ayollar va bolalar huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini ishonchli himoya qilishni kuchaytirishga qaratilgan", deydi Saida Mirziyoyeva.

Eslatib o‘tamiz, Xorazmdagi Mehribonlik uyi tarbiyalanuvchilari (3 nafar qiz) 10 oy davomida viloyat Adliya boshqarmasi boshlig‘i va Yangiariq tumani Favqulodda vaziyatlar bo‘limi boshlig‘i tomonidan zo‘rlab kelingan. Ularga nisbatan 1,5 yil ozodlikni cheklash jazosi tayinlangan. Keyinchalik Adliya vazirligi holatga munosabat bildirib, xodimning  ishdan olingani, endilikda vazirlikka aloqasi yo‘q ekanini ma’lum qildi. FVV ham o‘z xodimi o‘tgan yili tergov ishlari olib borilayotgan vaqtda egallab turgan lavozimidan ozod etilganini aytib chiqdi. Shuningdek, ularga sharoit yaratib bergan bolalar uyi rahbari 5 yarim yilga qamalgan.


Maqola muallifi

Teglar

Xorazm Saida Mirziyoeva

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing