Mirziyoyev Janubiy Koreya Tashqi ishlar vazirini qabul qildi

Jamiyat

image

Prezident Shavkat Mirziyoyev O‘zbekistonda bo‘lib turgan Koreya Respublikasi Tashqi ishlar vaziri Pak Chin boshchiligidagi delegatsiyani qabul qildi. Bu haqda davlat rahbarining matbuot xizmati xabar berdi.

Qayd etilishicha, uchrashuv davomida O‘zbekiston bilan Janubiy Koreya o‘rtasidagi do‘stlik va alohida strategik sheriklik munosabatlarini yanada mustahkamlash, savdo-iqtisodiy, investitsiyaviy va moliyaviy-texnik sohalardagi hamkorlikni kengaytirishning dolzarb masalalari muhokama qilingan. Shuningdek, xalqaro tashkilotlar, shu jumladan, Birlashgan Millatlar Tashkiloti va Jahon savdo tashkiloti doirasidagi o‘zaro ko‘makni davom ettirish muhimligi ta’kidlangan.

Statistikaga ko‘ra, O‘zbekiston va Janubiy Koreya o‘rtasidagi tovar almashinuvi hajmi o‘tgan yili 24 foizga o‘sgan. Koreya kompaniyalaridan o‘zlashtirilgan investitsiyalar hajmi 7 milliard dollardan oshgan. Umumiy qiymati 5 milliard dollar bo‘lgan istiqbolli loyihalar portfeli “yashil” energetika, raqamli texnologiyalar, mashinasozlik, kimyo sanoati, elektrotexnika va to‘qimachilik tarmoqlari, infratuzilmaviy rivojlanish, shaharsozlik va ko‘plab boshqa yo‘nalishlarni qamrab olishi ma’lum qilingan.

Katta yoshdagilar uchun to‘rtinchi darajali ko‘p tarmoqli shifoxona, onkologiya klinikasi, farmatsevtika klasteri va tibbiyot yo‘nalishidagi oliy ta’lim muassasasini barpo etish bo‘yicha ijtimoiy va strategik ahamiyatga ega loyihalarni jadallashtirish zarurligi qayd etilgan.

Yarim o‘tkazgichlar innovatsion klasterini qurish hamda Nodir metallar va qotishmalar markazi faoliyatini rivojlantirish ustuvor vazifalardan biri sifatida belgilab olingan.

Shuningdek, uchrashuvda o‘tgan yili O‘zbekistonda istiqomat qilayotganining 85 yilligini nishonlagan koreys millatiga mansub aholini yanada qo‘llab-quvvatlash hamda Koreys madaniyati va san’ati uyi faoliyatini kengaytirishga alohida e’tibor qaratilgan.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligi Shimoliy Koreyaning kosmik raketa uchirganidan xavotir bildirgandi. Tabiat resurslari vazirining maslahatchisi Rasul Kusherbayev esa Qo‘shtepa kanali qurilishi ortidan keladigan ekologik xavf Shimoliy Koreya kosmik raketasidan ko‘ra xavotirliroq ekaniga urg‘u bergan.


Maqola muallifi

Teglar

Janubiy Koreya Mirziyoev

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing