Mirziyoyev Yevrokomissiya vitse-prezidentini qabul qildi
Jamiyat
−
16 yanvar
4697O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev bugun, 16 yanvar kuni Yevropa Ittifoqining Yevropa komissiyasi vitse-prezidenti Margaritis Sxinas boshchiligidagi delegatsiyasini qabul qildi. Bu haqda Prezident matbuot xizmati xabar berdi.
Shavkat Mirziyoyevga Yevrokomissiya rahbari Ursula fon der Lyayen va Yevrokengash raisi Sharl Mishelning salomi va eng ezgu tilaklarini yetkazgan diplomat YeI va O‘zbekiston o‘rtasida diplomatik munosabatlar o‘rnatilganining 30 yilligi bilan O‘zbekiston yetakchisini tabriklagan.
Qayd etilishicha, YeI bilan O‘zbekiston o‘rtasidagi ko‘p qirrali sheriklikni yanada kengaytirish masalalari ko‘rib chiqilgan va YeI va Markaziy Osiyo o‘rtasidagi aloqalarni kengaytirish bo‘yicha qo‘shma “yo‘l xaritasi” amalga oshirilayotgani, “Markaziy Osiyo - YeI” birinchi sammitini O‘zbekistonda tashkil etish ishlari olib borilayotgani bildirilgan.
Unga ko‘ra, joriy yilning yanvar oyi oxirida Bryusselda ikki mintaqaning transport-kommunikatsiyaviy o‘zaro bog‘liqligini mustahkamlashga qaratilgan yirik Investorlar forumi bo‘lib o‘tadi.
Shuningdek, O‘zbekiston va YeI mamlakatlari o‘rtasidagi savdo hajmi o‘tgan yili 30 foizga oshgani aytildi va YeIning O‘zbekiston uchun savdo preferensiyalari amal qilish muddati uzaytirilishi qo‘shimcha qilingan.
Suhbat yakunida, tomonlar Afg‘onistonga gumanitar yordam ko‘rsatish masalalari yuzasidan fikr almashgani ochiqlangan.
Eslatib o‘tamiz, kecha, 15 yanvar kuni Yevrokomissiya vitse-prezidenti O‘zbekistonga kelishi haqida ma’lum qilgan edik.
LiveBarchasi