Mirziyoyev va To‘qayev sun’iy intellekt ko‘rgazmasiga bordi
Jamiyat
−
29 mart
2598O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Qozog‘iston Respublikasi Prezidenti Qosim-Jomart To‘qayev bugun, 29 mart kuni birgalikda "AlmatyFair.ai" raqamli texnologiyalar va sun’iy intellekt ko‘rgazmasiga bordi. Bu haqda Prezident matbuot xizmati xabar berdi.
Davlat rahbarlariga mazkur sohalardagi ilg‘or yechimlar va innovatsion ishlanmalar haqida axborot berildi. Qozog‘iston Prezidenti tashabbusi bilan tashkil etilayotgan "Alem.ai" sun’iy intellekt markazining taqdimoti bo‘lib o‘tdi.
“Alem.ai – sun’iy intellekt sohasida mutaxassislarni o‘qitish, startaplarni ishga tushirish va ilmiy tadqiqotlarni amalga oshirish uchun platforma”, deyiladi xabarda.
Shuningdek, yetakchilar Markaziy Osiyodagi eng yirik texnoparklar birlashmasi - "Central Asian Innovation Hubs" ("Astana Hub" va "IT Park Uzbekistan") faoliyati bilan ham tanishdi. O‘tgan yili Qozog‘iston va O‘zbekistonning yirik texnoparklari ligasi startap ekotizimini rivojlantirish va jahon bozorida innovatsiyalarni ilgari surish maqsadida ushbu brend ostida birlashgan edi.
Prezidentlar raqamlashtirish sohasidagi o‘zaro manfaatli hamkorlikni kengaytirish, qo‘shma IT mahsulotlarini yaratish, sun’iy intellekt va ilg‘or axborot texnologiyalari sohasidagi milliy strategiyalarni o‘zaro bog‘lash muhimligini ta’kidladi.
Davlat rahbarlariga davlat organlari faoliyatini optimallashtirishga ko‘maklashishga mo‘ljallangan Milliy sun’iy intellekt platformasi, shuningdek, milliy iqtisodiyotda AI salohiyatini ochish va texnologik tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan AI-SANA ta’lim dasturi ham namoyish etildi.
Eslatib o‘tamiz, Mirziyoyev bugun, 29 mart kuni Qozog‘istonga amaliy tashrif bilan yetib borgandi. Oliy martabali mehmonni Olmaota aeroportida Qozog‘iston Prezidenti Qosim-Jomart To‘qayev kutib oldi. Prezidentlar birgalikda "Medeu" tog‘-chang‘i klasteriga bordi. Shavkat Mirziyoyevga sel-suv toshqinlaridan himoya qilish maqsadida dengiz sathidan 1750 metr balandlikda barpo etilgan "Medeu" to‘g‘onining yaratilish tarixi va arxitekturaviy xususiyatlari haqida so‘zlab berildi.
Prezidentlar keyinroq Olmaota shahrida norasmiy uchrashuv o‘tkazdi. Ikki mamlakat delegatsiyalari ishtirokida O‘zbekiston-Qozog‘iston yaxshi qo‘shnichilik, strategik sheriklik va ittifoqchilik munosabatlarini izchil mustahkamlash masalalari atroflicha ko‘rib chiqildi.
LiveBarchasi