Mirziyoyev va To‘qayev nega Chimkentda ko‘rishganiga izoh berildi
Jamiyat
−
07 mart 2023
16028Qozog‘iston Prezidenti Qosim-Jomart To‘qayev va O‘zbekiston rahbari Shavkat Mirziyoyevning Chimkent shahrida bo‘lib o‘tgan norasmiy uchrashuviga Qozog‘iston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligida izoh berildi. Bu haqda mahalliy nashrlar yozmoqda.
Qozog‘iston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi rasmiy vakili Oybek Smadiyarovning so‘zlariga ko‘ra, davlat rahbarlari O‘zbekiston bilan chegarada joylashgan aholisi milliondan ortiq shahar bo‘lgan Chimkentda uchrashishga qaror qilgan.
“Biz bu yo‘nalishdagi savdo-sotiqni, tranzit salohiyatini, madaniy aloqalarni faol rivojlantirmoqdamiz. Shuning uchun Qozog‘istonning boshqa birorta shahrida emas, balki Chimkentda uchrashish mantiqan to‘g‘ri keladi. Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlari istalgan vaqtda uchrashishlari, ayrim masalalarni qo‘shnichilik, qardoshlik ruhida muhokama qilishlari juda quvonarli”, deydi Smadiyarov.
Eslatib o‘tamiz, joriy yilning 3 mart kuni Chimkentda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Qozog‘iston yetakchisi Qosim-Jomart To‘qayevning norasmiy uchrashuvi bo‘lib o‘tdi. O‘zbekiston tomoni bergan rasmiy axborotga ko‘ra, uchrashuvda O‘zbekiston va Qozog‘iston o‘rtasidagi strategik sheriklik va ittifoqchilik munosabatlarini yanada mustahkamlash, o‘zaro manfaatli hamkorlikni kengaytirish masalalari muhokama qilingan.
Mahalliy va xorijiy matbuotda ushbu uchrashuv AQSH Davlat kotibi Entoni Blinkenning 28 fevral – 1 mart kunlari Qozog‘iston va O‘zbekistonga tashrif buyurib, Prezidentlar To‘qayev va Mirziyoyev bilan muloqot qilganidan keyin o‘tkazilgani e’tibor qozonmoqda.
Quyida yoki QALAMPIR.UZ'ning YouTube kanalida Entoni Blinkenning Markaziy Osiyo davlatlariga tashrifi haqida maxsus ko‘rsatuvni tomosha qilishingiz mumkin.