Mirziyoyev O‘zbekiston xalqini tabrikladi
Jamiyat
−
21 Oktabr 10535 2 daqiqa
Prezident Shavkat Mirziyoyev bugun, 21 oktyabr – o‘zbek tili bayrami kuni bilan o‘zbekistonliklarga bayram tabrigi yo‘lladi. Bu haqda Prezident matbuot xizmati xabar berdi.
Davlat rahbari o‘z tabrigida ushbu bayram arafasida qabul qilingan “Davlat tilini yanada rivojlantirishga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarorida ko‘rsatib o‘tilgan asosiy maqsad va vazifalarni o‘z vaqtida, samarali amalga oshirish muhim ahamiyatga ega ekanini aytgan. Prezident ayniqsa, ushbu qaror bilan tasdiqlangan “2020–2030 yillarda o‘zbek tilini rivojlantirish va til siyosatini takomillashtirish konsepsiyasini 2025-2026 yillarda amalga oshirish dasturi”ni hayotga joriy etishda nafaqat mas’ul va mutasaddi tashkilotlar, balki barcha faol ishtirok etishi zarurligini qayd etgan.
“Yangi O‘zbekistonning ijtimoiy-siyosiy hayotidan mustahkam o‘rin olgan qutlug‘ sana – o‘zbek tili bayrami kuni bilan siz azizlarni, butun xalqimizni, chet ellardagi barcha yurtdoshlarimizni chin dildan samimiy muborakbod etaman”, deyiladi tabrik matnida.
O‘zbekiston yetakchisi sun’iy intellekt ta’siri ortib borayotgan bir paytda bu qudratli vosita yordamida ona tilini rivojlantirish va targ‘ib etish – davr talabi ekanini ta’kidladi.
“O‘zbek tilining boy imkoniyatlari asosida xalqimiz tafakkuriga mos va jozibador milliy brendlar yaratish, mahsulotlarimizni tashqi bozorga olib chiqish marketing sohasida asosiy yo‘nalishga aylanishi zarur. Bu borada vatanparvar tadbirkorlarimiz alohida jonbozlik ko‘rsatadilar, deb ishonaman”, deydi u.
Mirziyoyev bundan o‘ttiz yil oldin qabul qilingan o‘zbek tilining asosiy imlo qoidalarini qayta ko‘rib chiqish ham kechiktirib bo‘lmaydigan vazifalar qatoriga kirishini bildirgan.
“Xalqimiz, ayniqsa, yoshlarimiz o‘rtasida til madaniyati va savodxonlikni targ‘ib qilishga qaratilgan zamonaviy va ta’sirchan media mahsulotlarni ko‘paytirish lozim. Ayniqsa, farzandlarimizni ona tilimizga mehr qo‘yib, uning beqiyos boyligi va imkoniyatlaridan bahramand bo‘lishga o‘rgatish ma’naviy-ma’rifiy tarbiyaning ajralmas bir qismidir. Bu dolzarb masala ijodkor ziyolilarimiz, ta’lim-tarbiya, madaniyat, yoshlar, mahalla, xotin-qizlar tashkilotlari, ommaviy axborot vositalari vakillari faoliyatida doimo markaziy o‘rinda turishi, butun jamiyatimizda umummilliy harakatga aylanishi kerak”, ta’kidlaydi Prezident.
Eslatib o‘tamiz, 21 oktyabr kuni Prezident Shavkat Mirziyoyev sun’iy intellekt texnologiyalarini rivojlantirish yuzasidan o‘tkazilgan yig‘ilishda O‘zbekiston 2030 yilga borib sun’iy intellekt bo‘yicha TOP-50 ta davlat qatoriga kirishi mumkinligi haqida so‘z ochgandi.
Live
Barchasi