SI bo‘yicha TOP-50 ta davlat qatoriga kirishni maqsad qilganmiz – Mirziyoyev
Jamiyat
−
21 Oktabr 3656 2 daqiqa
O‘zbekiston 2030 yilga borib sun’iy intellekt bo‘yicha TOP-50 ta davlat qatoriga kirishi mumkin. Bu haqda bugun, 21 oktyabr kuni Prezident Shavkat Mirziyoyev sun’iy intellekt texnologiyalarini rivojlantirish yuzasidan o‘tkazilgan yig‘ilishda so‘z ochdi.
Yig‘ilishda Prezident soha uchun yiliga 2 ming nafar mutaxassis tayyorlayotgan oliygohlarning birortasida sun’iy intellekt laboratoriyasi yo‘qligiga e’tibor qaratgan. Keyingi o‘quv yiliga qadar 10 ta oliy ta’lim muassasasini zamonaviy laboratoriya bilan jihozlash reja qilingan. Shu bilan birga, banklarning bittadan oliygohda, jami 9 ta shunday laboratoriya tashkil qilish tashabbusi ma’qullangan.
“Yangi O‘zbekiston” universitetida “tarmoq – oliygoh – hamkor” tamoyilida ishlaydigan “sun’iy intellekt klasteri” ishga tushiriladi. Keyingi o‘quv yilidan TOP-300 talikka kirgan universitetlar bilan hamkorlikda sun’iy intellekt bo‘yicha qo‘shma ta’lim dasturi yo‘lga qo‘yiladi.
Oliygohlarda sun’iy intellekt, fintex, kiberxavfsizlik, IT-muhandislik, aerokosmik va bulutli texnologiyalar kabi yo‘nalishlar uchun davlat granti kvotalari 35 foizga oshiriladi. Talabalarning sun’iy intellektga qiziqishini oshirish maqsadida oliygoh jamoalari o‘rtasida sun’iy intellekt bo‘yicha umummilliy tanlov o‘tkaziladi.
Qulay ekotizim yaratilgani uchun yil boshidan mahalliy startaplarga rekord miqdorda – 264 million dollar sarmoya kiritilgan. Lekin bunda sun’iy intellekt sohasidagi startaplar ulushi hali kamligi aytildi. Shu bois, bunday startaplarni ko‘paytirish maqsadida mukofot jamg‘armasi 1 million dollar bo‘lgan “Sun’iy intellekt sohasidagi eng yaxshi startap” tanlovini o‘tkazish taklif qilindi.
“Biz 2030 yilga borib, sun’iy intellekt bo‘yicha TOP-50 ta davlat qatoriga kirishni maqsad qilganmiz. Shu bois, ilg‘or xorijiy tajribadan kelib chiqib, “Sun’iy intellekt alyansi”ni tashkil qilamiz”, deydi Prezident.
Ushbu alyans tarkibiga sohada samarali faoliyat yuritayotgan yetakchi kompaniyalar, xorijiy ekspertlar va mahalliy vakillar, yirik davlat korxonalari, banklar va oliygohlar kiritiladi. Alyansning asosiy vazifalari yetakchi xalqaro ilmiy-tadqiqot markazlari va akseleratorlar bilan hamkorlikni kuchaytirish, mahalliy dasturlar bo‘yicha media-kontentni yaratib, xalqaro PR kampaniyalarni tashkil etish, mahalliy korxonalar va mutaxassislarning xalqaro ko‘rgazma, forum va konferensiyalardagi ishtirokini tashkil etishdan iborat bo‘ladi.
Eslatib o‘tamiz, mazkur yig‘ilishda O‘zbekistonda sun’iy intellektga asoslangan xizmatlar hajmi 10 mlrd dollarga baholangani, endilikda vazirlar hamda tarmoq rahbarlarining raqamlashtirishga mas’ul o‘rinbosarlari bir vaqtning o‘zida sohada sun’iy intellektni rivojlantirishga ham javobgar bo‘lishi belgilangangani va O‘zbekistonda aholi punktlarining 99 foizi mobil aloqa bilan qamrab olingani haqida ma’lum qilingan edi.
Live
Barchasi