Mirziyoyev O‘rta koridorni Transafg‘on yo‘lagi bilan bog‘lashni qo‘llab-quvvatladi
Jamiyat
−
07 Oktabr 3842 3 daqiqa
Prezident Shavkat Mirziyoyev bugun, 7 oktyabr Turkiy davlatlar tashkilotining Gabala sammitida turkiy dunyoning birdamligini mustahkamlash, jahon siyosati, iqtisodiyoti va gumanitar sohadagi rolini oshirishga qaratilgan qator muhim tashabbuslarni ilgari surdi.
O‘zbekiston yetakchisi mintaqaviy va global xavfsizlik masalalari bo‘yicha yondashuvlarni muvofiqlashtirish maqsadida Samarqandda TDT tashqi ishlar vazirlari va maxsus xizmatlari rahbarlarining birinchi qo‘shma uchrashuvini o‘tkazishni taklif etdi.
Shuningdek, u Strategik sheriklik, abadiy do‘stlik va qardoshlik to‘g‘risidagi shartnomani tez fursatda qabul qilishni qo‘llab-quvvatladi va Turkiy davlatlar tashkilotini 2030 yilgacha rivojlantirish strategiyasini ishlab chiqish tashabbusi bilan chiqdi.
Bundan tashqari, Prezident Mirziyoyev Turkiy davlatlarning iqtisodiy sheriklik bo‘yicha Doimiy kengashini tuzish va uning Loyiha ofisini Toshkentda joylashtirishni taklif etdi.
O‘zbekiston rahbari Yangi iqtisodiy imkoniyatlar makonini shakllantirib, Turkiy davlatlarning Sanoat alyansi, “Turkiy yashil yo‘laklar” tizimi va “Yashil transformatsiya” konsorsiumini tashkil etish tashabbusini ilgari surdi. U organik qishloq xo‘jaligi bo‘yicha Ekspertlar guruhini tashkil etish va turkiy organik mahsulotlarning yagona brendini jahon bozoriga olib chiqishni taklif qildi.
Shu bilan birga, O‘rta koridorni rivojlantirish va uni Xitoy – Qirg‘iziston - O‘zbekiston temiryo‘li hamda Transafg‘on yo‘lagi loyihalari bilan bog‘lashni qo‘llab-quvvatlandi, bojxona tartibotini raqamlashtirish va tariflarni optimallashtirish muhimligini ta’kidlandi.
Turkiy investitsiya jamg‘armasi faoliyatini kengaytirish hamda xalqaro va milliy moliya institutlari bilan hamkorlik dasturini qabul qilishni tavsiya etildi.
Prezident sun’iy intellekt va kreativ iqtisodiyot bo‘yicha “yo‘l xaritasi”ni qabul qilish va Turkiy dunyo xalqaro ko‘rgazmasini O‘zbekistonda o‘tkazish g‘oyasini ilgari surdi. Shuningdek, O‘zbekistonda qo‘shma tadqiqotlar va innovatsiyalar maydoniga aylanadigan Turkiy davlatlar xalqaro universiteti tashkil etilishini e’lon qilindi.
Mirziyoyev ekstremistik va radikal mafkuraga qarshi kurashish bo‘yicha harakatlar rejasi va yoshlarning ekologik savodxonligini oshirish bo‘yicha qo‘shma chora-tadbirlar ishlab chiqishni taklif etdi. Prezident 2026 yilda “Nizomiy Ganjaviy va Alisher Navoiy ijodi – Turkiy dunyo ma’naviy hayotida” mavzusida xalqaro konferensiyani o‘tkazish tashabbusini ilgari surdi.
Qayd etish joiz, TDT maydonida O‘zbekiston transport va logistika bo‘yicha o‘zaro bog‘liqlikni mustahkamlash, xususan, Markaziy Osiyo, Kavkaz va Yevropani bog‘laydigan O‘rta (Transkaspiy) transport yo‘lagini rivojlantirish g‘oyalarini ham izchil ilgari surmoqda. Ushbu yo‘nalish TDTning rasmiy hujjatlarida iqtisodiy integratsiyaning ustuvor yo‘nalishlaridan biri sifatida tilga olinmoqda.
Prezident Shavkat Mirziyoyev rahbarligida TDT sifat jihatidan yangi bosqichga ko‘tarildi – u endi oddiy maslahatlashuv tuzilmasidan real amaliy maqsadlariga ega bo‘lgan siyosiy, iqtisodiy va gumanitar hamkorlikning ko‘p tomonlama mexanizmiga aylandi.
TDTning mustaqil mintaqaviy kuch markazi sifatidagi roli kuchayib borayotgani sharoitida O‘zbekiston yana bir bor iqtisodiy sheriklikni chuqurlashtirish, transport aloqalarini rivojlantirish va turkiy dunyo birligini mustahkamlashga qaratilgan aniq tashabbuslarni ilgari surmoqda.
O‘zbekiston turkiy birdamlik ramzlarda emas, balki aniq ishlarda – mintaqada barqarorlik va o‘zaro ishonchni mustahkamlaydigan qo‘shma loyihalar, investitsiyalar, infratuzilma va bilim almashishda ifodalanishi kerak, degan qat’iy ishonchdan kelib chiqib harakat qilmoqda.
Live
Barchasi