Mirziyoyev Ummon TIV rahbarini qabul qildi

Jamiyat

image

Bugun, 24 fevral kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Ummon Sultonligi tashqi ishlar vaziri Badr bin Hamad al-Busaidiyni qabul qildi. Bu haqda Prezident matbuot xizmati xabar berdi.

Qayd etilishicha, suhbat avvalida vazir Mirziyoyevga Ummon Sultoni Haysam bin Toriq Ol Saidning samimiy salomi va maktubini yetkazgan. Ikki mamlakat o‘rtasidagi o‘zaro manfaatli hamkorlikni yanada kengaytirish, eng avvalo, savdo-iqtisodiy va investitsiya-moliyaviy sohalardagi sheriklik salohiyatini ro‘yobga chiqarish masalalari ko‘rib chiqilgan.

Idoralararo va ishbilarmonlik aloqalari faollashgani mamnuniyat bilan qayd etilgan. O‘zaro tovar ayirboshlash hajmi, qo‘shma korxonalar soni ortmoqda, ikki mamlakat yetakchi kompaniyalari ishtirokidagi biznes tadbirlari muntazam o‘tkazilmoqda. O‘zbekiston- Ummon investitsiya kompaniyasi portfelini yangi kooperatsiya loyihalari hisobiga kengaytirishga alohida e’tibor qaratilgan.

Ma’lum qilinishicha, joriy yil aprel oyida Hukumatlararo komissiyaning navbatdagi yig‘ilishi va qo‘shma biznes forumi o‘tkaziladi.

Bundan tashqari, parlamentlararo aloqalarni, madaniy-gumanitar almashinuvni rivojlantirish, to‘g‘ridan-to‘g‘ri aviaqatnovni yo‘lga qo‘yish muhimligi ta’kidlangan.

Mintaqaviy kun tartibi, shu jumladan joriy yil may oyida Samarqand shahrida o‘tkaziladigan "Markaziy Osiyo - Ko‘rfaz davlatlari" muloqotining ikkinchi sammitiga tayyorgarlik yuzasidan fikr almashilgan.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Shavkat Mirziyoyev, Qirg‘iziston Prezidenti Sadir Japarov va Tojikiston Prezidenti Imomali Rahmon joriy yilning 31 mart kuni tarixda ilk bor uch tomonlama sammit o‘tkazishi ma’lum qilingandi.


Maqola muallifi

Teglar

Shavkat Mirziyoev Ummon Sultonligi TIV rahbari Hamad al-Busaidiy

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing