Mirziyoyev Turkiya Milliy mudofaa vazirini qabul qildi
Jamiyat
−
26 iyun
3732O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev bugun, 26 iyun kuni amaliy tashrif bilan mamlakatda bo‘lib turgan Turkiya Milliy mudofaa vaziri Yashar Guler boshchiligidagi delegatsiyani qabul qildi. Bu haqda Prezident matbuot xizmati xabar berdi.
Uchrashuv avvalida Turkiya mudofaa idorasi rahbari O‘zbekiston yetakchisiga Prezident Rajab Toyib Erdo‘g‘anning samimiy salomi va eng ezgu tilaklarini yetkazdi.
"Anqara shahriga 5-6 iyun kunlari amalga oshirilgan oliy darajadagi tashrif chog‘ida erishilgan kelishuvlarni hisobga olgan holda O‘zbekiston bilan Turkiya o‘rtasidagi keng qamrovli strategik sheriklik munosabatlarini yanada chuqurlashtirishning dolzarb masalalari ko‘rib chiqildi", deyiladi xabarda.
Shuningdek, harbiy va harbiy-texnik hamkorlikni rivojlantirish istiqbollari, jumladan, yaqin idoralararo aloqalarni mustahkamlash, qo‘shma tadbirlar tashkil etish, harbiy mutaxassislarni tayyorlash va boshqa masalalar muhokama qilindi.
Bundan tashqari, xavfsizlik sohasida, terrorizm, ekstremizm va radikalizmga qarshi kurashishda hamkorlikni mustahkamlash va muvofiqlashtirishga alohida e’tibor qaratildi.
"Mintaqada tinchlik va barqarorlikni ta’minlash, shu jumladan Afg‘onistondagi vaziyat yuzasidan ham fikr almashildi", deyiladi xabarda.
LiveBarchasi