Mirziyoyev tikuvchi ayollar bilan uchrashdi
Jamiyat
−
15 fevral
7017O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev bugun, 15 fevral kuni Andijon viloyatiga bordi. Bu haqda Prezident matbuot xizmati xabar berdi.
Bildirilishicha, Prezidentning viloyatga safari davomida ko‘zda tutilgan manzillar va rejalar ko‘p. Shulardan birinchisi “Asaka tekstil” klasterining to‘qimachilik korxonasi bo‘ldi.
Ma’lum qilinishicha, ushbu majmua 2022 yil avgustda ishga tushirilgan. Bugungi kunda 83 million dollarlik loyiha evaziga xomashyodan tayyor mahsulotgacha bo‘lgan to‘liq “zanjir” tashkil etilgan.
“Asakadagi korxonaga Shveysariya, Italiya, Turkiya, Germaniya, Yaponiyadan uskunalar keltirib o‘rnatilgan. U yiliga 11 ming tonna ip-kalava, 8 ming tonna momiq va trikotaj mato, 12 ming tonna ip va matoni bo‘yash, 6 ming tonna tayyor trikotaj va sochiq ishlab chiqarish quvvatiga ega. Bu yerda 3 ming 200 kishi ishlamoqda”, deyiladi xabarda.
Shuningdek, korxonada xorijiy hamkorlar talabiga asosan sifat nazorati, kasb o‘rgatish markazi tashkil etilgan. Bundan tashqari, bo‘yoq sexidan chiqqan suvni tozalash inshooti ham ishga tushirilgan.
“Umuman, klaster tomonidan 102 million dollarlik loyihalar amalga oshirilib, yillik 50 million dollarlik eksport quvvati yaratilgan. Bundan 7 yil oldingi holat bilan solishtirganda daromad, iqtisodiy manfaatdorlikdagi farq yer bilan osmoncha. Kelgusi yillarda klaster tomonidan Ulug‘nor tumanida 70 ming tonna paxta tolasini qayta ishlash zavodi, tikuv-trikotaj va paypoq ishlab chiqarish korxonasi tashkil qilinishi rejalashtirilgan. Ularda yana 1 ming 600 dan ziyod ish o‘rni ochiladi”, deyiladi xabarda.
Shu yerda Prezidentga Andijon viloyati misolida paxta-to‘qimachilik sanoatini rivojlantirish konsepsiyasi bo‘yicha axborot berilgan. Qayd etilishicha, endilikda ishlab chiqarish tannarxi 15 foizga qisqartiriladi, 65 foiz qo‘shilgan qiymat yaratiladi. Dizayner va texnologlar maktabi tashkil etiladi. Nufuzli brendlar va riteylerlar jalb etilib, tarmoq korxonalari eksporti 800 million dollarga yetkaziladi.
Davlat rahbari klaster bilan fermerlar o‘rtasidagi munosabatlarda manfaatdorlikni oshirish masalasiga alohida e’tibor qaratgan.
“Qishloq xo‘jaligida bozor munosabatlarini rivojlantirayapmiz. Maqsadimiz - yerga nisbatan e’tiborni, mahsulot yetishtiradiganlar manfaatini kuchaytirish. Sohaning quyi bo‘g‘inidagi dehqon va fermer ham raqobatbardosh bo‘lishi kerak”, deydi Shavkat Mirziyoyev.
Prezident korxonada ishlayotgan tikuvchi ayollar bilan suhbatlashdi. Ularning ayrimlari o‘z tumanida yuqori maoshli ish paydo bo‘lgani uchun mehnat muxojirligidan qaytib kelgan.