Mirziyoyev va To‘qayev boshchiligidagi Markaziy Osiyo rahbarlari Trampni maqtovlar va sarmoyalar bilan ko‘mdi
Tahlil
−
07 noyabr 7270 10 daqiqa
Oq uyda S5+1 formatidagi asosiy muloqot qismida Prezidentlar navbat bilan so‘z oldi. Tramp uchrashuvni boshlab berdi. Eng muhim jihati mazkur uchrashuv odatdagidek aylana stol atrofida emas, balki AQSH va mintaqa rahbarlari delegatsiyalari bir-biriga qarama-qarshi o‘tirgan holda o‘tdi. Tramp va uning jamoasi bir tomon, MO Prezidentlari va Tashqi ishlar vazirlari bir tomondan joy oldi. Bu mintaqa rahbarlari endilikda o‘zaro birlikni protokolda ham namoyon etayotganini bildirmoqda.
Tramp:
Xo‘sh, barchangizga katta rahmat. Men bugun bu yerda juda nufuzli va yetuk insonlar – yetakchilarni qabul qilayotganimdan mamnunman. Dunyoda kamdan-kam yetakchilar bugun bu stol atrofida o‘tirganlar bilan tenglasha oladi. Ular Markaziy Osiyodan – bu juda go‘zal, kuchli va jonli mintaqa. Haqiqatan ham bu qattiq irodali va aqlli odamlar yashaydigan hudud.
Bugun men bu yetakchilar bilan Oq uyda ikki tomonlama uchrashuvlar o‘tkazdim. Biz juda muhim mintaqaviy munosabatlar, iqtisodiy sheriklikni mustahkamlash, xavfsizlik sohasida hamkorlikni yaxshilash va umumiy aloqalarni kengaytirish haqida fikr almashdik. Hozirgina katta hajmdagi savdo kelishuvlari amalga oshirildi. Amerikaning harbiy va boshqa turdagi mahsulotlari ular tomonidan sotib olinmoqda.
Biz dunyodagi eng yaxshi harbiy texnika ishlab chiqaruvchi mamlakatmiz. Ular buni yaxshi anglab yetishdi. Men hokimiyatga kelganimdan beri armiyamizni tubdan qayta qurdik. Barcha yetakchilarga bu yerga kelgani va Amerika bilan kuchli hamkorlikka sadoqati uchun minnatdorlik bildiraman.
Markaziy Osiyo mamlakatlari, ya’ni S5 guruhi, dunyoning tarixiy va geografik chorrahasida joylashgan. Bu zamin ilgaridan Sharq va G‘arbni bog‘lagan Buyuk Ipak yo‘liga mansub bo‘lgan. Bu hudud buyuk va go‘zal tarixga ega. Bugun esa ularning Yevroosiyo yuragidagi joylashuvi ularga ulkan ahamiyat va beqiyos salohiyat baxsh etmoqda.
Afsuski, avvalgi amerikalik prezidentlar bu mintaqani butunlay e’tiborsiz qoldirishgan. Bu esa ulkan boylik va imkoniyatlarga ega hudud. Biz bu xatoni tuzatmoqdamiz. Men Amerika va bu mamlakatlar o‘rtasidagi sheriklikni hech qachon bo‘lmagan darajada mustahkamlashga qat’iy bel bog‘laganman. Biz bu mintaqaning ahamiyatini juda yaxshi tushunamiz. Ko‘plar buni bilmasdi, ammo mazkur mintaqa dunyodagi eng muhim hududlardan biri.
Biz muhokama qilayotgan asosiy mavzulardan biri esa strategik minerallar. So‘nggi haftalarda ma’muriyatim dunyo bo‘ylab ittifoqdoshlar bilan kelishuvlar tuzib, bu resurslar zanjirini kengaytirdi. Yaqinda Xitoy rahbari Si Szinpin bilan uchrashdik, keyin Yaponiyaning yangi Bosh vaziri bilan hamda Janubiy Koreya, Malayziya va boshqa ko‘plab mamlakatlarda samarali muzokaralar o‘tkazdik.
Bu davr mobaynida Amerikaga 2 trillion dollardan ortiq investitsiya kirib keldi. Hozir umumiy investitsiyalar miqdori 18 trillion dollarga yaqin va yil yakunlanguncha bu raqam 20-21 trillionga yetishi mumkin. Bu nafaqat Amerika, balki dunyo miqyosida ham misli ko‘rilmagan ko‘rsatkich.
Uch oy oldin ma’muriyatim Armaniston va Ozarbayjon o‘rtasida tarixiy tinchlik kelishuvini imzolashga erishdi. Bu sakkizta urushdan biri bo‘lib, sakkiz oy ichida tugatildi. Hozir Rossiya va Ukraina o‘rtasidagi nizoni tugatish ustida ham ishlayapmiz. Bu hali yakunlanmadi, ammo yaxshigina oldinga siljish bor.
Men ishonamanki, bugun bu stol atrofida o‘tirgan har bir davlat tinchlik imkoniyatlaridan foydalanib, o‘z foydasini ko‘radi. Yaqin vaqtlarda bu mamlakatlardan ba’zilari Ibrohim kelishuvlariga qo‘shiladi. Bu haqda esa rasmiy e’lonlar yaqin orada beriladi.
Bugun kechasi men shodlik bilan xabar beramanki, Qozog‘iston rasman Ibrohim kelishuvlariga qo‘shildi. Bu juda katta va muhim voqea. Qozog‘iston – buyuk yetakchiga ega bo‘lgan buyuk mamlakat. Janob Prezident, sizga chin dildan minnatdorlik bildiraman.
Bugun bu yerga kelgan barcha nufuzli yetakchilarga yana bir bor tashakkur. Biz hozir qisqa, ammo samarali ishchi kechki ovqat o‘tkazamiz. Ular uzoq yo‘l bosib kelishdi, shunday ekan, qisqa, lekin foydali muhokama bo‘ladi.
Ommaviy axborot vositalariga ham adolatli yoritgani uchun minnatdorlik bildiraman. Bu ajoyib yetakchilar bilan bir joyda bo‘lish men uchun katta sharaf. Ular juda hurmatga sazovor insonlar va ular o‘yin o‘ynashmaydi. Qarshimdagi bu rahbarlar jiddiy odamlar.
Shunday ekan, janob Prezident agar xohlasangiz, so‘zni sizga bermoqchiman. Keyin navbat bilan boshqalar ham fikr bildirishadi. Shundan keyin kechki ovqatni boshlaymiz.
To‘qayev:
Janob Prezident, avvalo, Oq uyda bunday tarixiy uchrashuvni tashkil etganingiz uchun chin dildan minnatdorligimni bildirmoqchiman. Sizning qat’iy rahbarligingiz ostida bu sammit Amerika Qo‘shma Shtatlari va Markaziy Osiyo o‘rtasidagi o‘zaro hamkorlikning yangi davrini boshlab bermoqda.
Bir yil avval, siz mutlaqo pok va adolatli o‘tgan tarixiy saylovda ulkan g‘alabaga erishdingiz. Shu munosabat bilan sizni chin dildan tabriklayman va ishonch bilan aytamanki, janob Prezident, siz buyuk davlat arbobisiz. Bu yaqindagi va uzoqdagi barcha mamlakatlardagi millionlab insonlarga umid bag‘ishlamoqda.
Sizning oqilona va jasur siyosatingiz dunyo bo‘ylab qo‘llab-quvvatlanishi lozim deb hisoblayman. Sizning prezidentligingiz davrida Amerika yangi “oltin davr”ga kirmoqda. Men sizning “Amerikani yana buyuk qilish” g‘oyangizning kelajakka yo‘naltirilganini yuksak qadrlayman. Bu meni ham adolat va tartib tamoyillariga asoslangan, kuchli va barqaror Qozog‘iston qurish strategiyasini izchil amalga oshirishga ilhomlantiradi.
Tinchlik prezidenti sifatida siz, bor-yo‘g‘i sakkiz oy ichida sakkizta urushni to‘xtatdingiz. Shu bilan siz Amerikaning xalqaro barqarorlik ustuni sifatidagi rolini yanada mustahkamladingiz. Janob Prezident, men Qozog‘iston va Amerika o‘rtasidagi ko‘p qirrali hamkorlikni rivojlantirishdagi doimiy qo‘llab-quvvatlovingizni yuksak baholayman. Sizning ilk prezidentlik davringizdayoq mamlakatlarimiz munosabatlari “kengaytirilgan strategik sheriklik” maqomiga ega bo‘lgan.
Amerika Qo‘shma Shtatlari Qozog‘iston iqtisodiyotiga 100 milliard dollardan ortiq sarmoya kiritgan eng yirik investor bo‘lib qolmoqda. Savdo aylanmamiz so‘nggi yillarda ikki barobarga oshdi va 5 milliard dollarga yaqinlashmoqda. Qozog‘iston Amerikadagi ichki uran ehtiyojining taxminan 25 foizini ta’minlaydi. Mamlakatimizda 600 dan ortiq amerikalik kompaniyalar faoliyat yuritmoqda. Bu juda yaxshi ko‘rsatkich deb hisoblayman.
Faqatgina shu tashrif doirasidayoq 17 milliard dollarlik bitimlar imzolandi. Bu esa kelgusida yanada keng hamkorlikka yo‘l ochadi. Bu noyob imkoniyatlarni to‘liq amalga oshirishga shaxsan mening siyosiy irodam qat’iy va bu hech qachon o‘zgarmasligini ta’kidlayman. Shubhasiz, mamlakatlarimiz o‘rtasidagi ikki tomonlama hamkorlikning juda yorqin kelajagi bor.
Mirziyoyev:
Hurmatli janob Tramp, biz S5+1 formatidagi yangilangan hamkorlikni qayta faollashtirishdagi sizning shaxsiy hissangizni yuksak qadrlaymiz. Aslida, bugungacha hech bir Amerika prezidenti Markaziy Osiyoga bunday e’tibor va munosabat bilan yondashmagan. Men shaxsan o‘zim va barcha mavqedoshlarim nomidan chuqur minnatdorlik bildiraman. Biz sizning tomoningizdan bo‘lgan e’tiborni chin dildan his qildik. Bu biz uchun katta ahamiyatga ega.
Sizga bu uchun katta rahmat. Men sizga avval ham aytgan edim, hozir yana takrorlayman: O‘zbekistonda sizni “tinchlik prezidenti” deb atashadi. Siz jahondagi sakkizta mojaroni bartaraf etishda katta ishlar qildingiz va men ishonamanki, Ukraina va Rossiya o‘rtasidagi urushni ham faqat siz to‘xtata olasiz. Bizning bu borada umidimiz katta.
Bugungi sammit shuni tasdiqlab turibdiki, Qo‘shma Shtatlar Markaziy Osiyoni ishonchli va muhim hamkor sifatida ko‘radi. Biz birgalikda ishonch va o‘zaro tushunishga asoslangan kelajakni quryapmiz. Shu munosabat bilan men bir qator takliflarni bayon etmoqchiman. Birinchidan, mazkur format doirasida doimiy faoliyat yurituvchi kotibiyat tashkil etishni yoki uni har ikki yilda ishtirokchi davlatlar orasida navbatma-navbat joylashtirishni taklif etaman.
Ikkinchidan, davlat idoralari, kompaniyalar va moliyaviy institutlar o‘rtasida tizimli muloqotni ta’minlash uchun investitsiyalar va savdo bo‘yicha vazirlar darajasida koordinatsiya kengashi tashkil etish zarur, deb hisoblayman. Shuningdek, Markaziy Osiyo investitsiya sherikligi fondini tuzish g‘oyasini qayta faollashtirish dolzarb, deb o‘ylayman. Bu borada DFC bilan kelishuv 2020 yilda erishilgan edi.
Uchinchidan, biz AQSH bilan yirik transport, kommunikatsiya va energetika loyihalarini amalga oshirishda faol hamkorlik qilishga tayyormiz. Ular Markaziy Osiyoni Janubiy Kavkaz va Yevropaga “Tramp marshruti” orqali bog‘laydi. Bugun men sizga uch yillik qo‘shma investitsiya dasturini taqdim etdim. Uning umumiy qiymati 34 milliard dollarni tashkil etadi. Bu juda yirik, strategik ahamiyatga ega loyihalardir. Bu haqda biz siz bilan Nyu-Yorkda ham gaplashgan edik. Bugun yana ta’kidlab o‘tdim. Shunday ekan, oldinda katta istiqbollar bor.
Yana bir bor minnatdorlik bildiraman. Men ishonamanki, bugungi sammit natijalari tarixiy ahamiyatga ega bo‘ladi. Sizning Markaziy Osiyoga bo‘lgan munosabatingiz va diqqat-e’tiboringiz – hamkorligimiz mustahkamlanib borayotganining yorqin ifodasidir. S5+1 formati amaliy harakatning samarali mexanizmiga aylanishi kerak. Shu munosabat bilan keyingi sammitni 2026 yilda Samarqand shahrida – bu formatga asos solingan maskanda o‘tkazishni taklif etamiz.
Ishonamanki, sizning yetakchiligingiz ostida hamkorligimiz barqaror rivojlanib boradi. Men sizga “Tinchlik sammiti”ni o‘tkazish taklifini berdim va biz bu tashabbusga jiddiy tayyorgarlik ko‘ramiz. E’tiboringiz uchun katta rahmat.
Sadir Japarov:
Hurmatli OAV vakillari, men uchun bugun Prezident, Janobi Oliylari Donald Tramp bilan ikki tomonlama uchrashuv o‘tkazish va S5+1 formatidagi sammitda ishtirok etish katta sharafdir. Avvalo, Prezident Donald Tramp janoblariga taklif va samimiy mehmondo‘stlik uchun chuqur minnatdorligimni izhor etaman hamda muhim masalalar bo‘yicha fikr almashish imkoniyati uchun tashakkur bildiraman.
Qirg‘iziston Amerika Qo‘shma Shtatlarini tashqi siyosatdagi eng muhim hamkorlardan biri sifatida qadrlaydi. Biz ikki tomonlama uchrashuvda Qirg‘iziston va AQSH munosabatlarining dolzarb masalalari, shuningdek, Markaziy Osiyo mamlakatlari o‘rtasidagi hamkorlikni mustahkamlash yo‘llarini muhokama qildik.
Men Qirg‘iz-Amerika munosabatlariga oid to‘rt asosiy yo‘nalishni ta’kidlamoqchiman. Ular iqtisodiyot va investitsiyalar, shu jumladan turizm, gidroenergetika rivoji, raqamli iqtisodiyot, sun’iy intellekt va axborot texnologiyalari, tinchlik, xavfsizlik va barqarorlikni ta’minlashdan iborat.
Shu nuqtai nazardan, Prezident Donald Trampning jahon barqarorligini mustahkamlash va turli mintaqalardagi mojarolarni tugatishdagi katta hissasini alohida e’tirof etaman. Prezident lavozimida ish boshlagan chog‘imda men qo‘shni davlatlar bilan chegara masalalarini yaxshi qo‘shnichilik ruhida hal etishni asosiy ustuvor vazifa deb belgilagan edim.
Bugun, oradan besh yil o‘tib, mamnuniyat bilan ta’kidlaymanki, biz bu maqsadga erishdik – eng muhimi, tinch yo‘l bilan. Bu natija Markaziy Osiyoning global siyosatdagi rolini keskin oshirdi va yetakchi davlatlar mintaqamiz bilan hamkorlikni kuchaytirishga katta qiziqish bildirmoqda.
S5+1 formati siyosiy muloqotni rivojlantirishning muhim minbariga aylandi. Bu men uchun katta mamnuniyatdir. Prezident Donald Tramp janoblariga bugungi sammitni tashabbus bilan tashkil etgani va samimiy mehmondo‘stligi uchun alohida minnatdorlik bildiraman. Biz bu qadamni Amerika Qo‘shma Shtatlarining Markaziy Osiyoga va do‘stona hamkorlikka bo‘lgan yaxshi niyat va sadoqati ifodasi sifatida qabul qilamiz.
Ishonchim komilki, bizlarning birgalikdagi sa’y-harakatlarimiz ikki mamlakat va xalqlar manfaati uchun aniq, o‘zaro foyda keltiradigan natijalarga olib keladi.
Imomali Rahmon:
Prezident Donald Tramp, sizning taklifingiz bilan bugungi muhim yuqori darajadagi S5+1 formatidagi tarixiy uchrashuvda ishtirok etayotganimdan xursandman. Siz dunyoning turli nizoli hududlarida tinchlik va barqarorlikni ta’minlashda e’tiborga loyiq va tahsinga sazovor rol o‘ynayapsiz. Tinchlik yo‘lidagi sa’y-harakatlaringiz katta e’tirofga arziydi.
Hurmatli Prezident, sizga samimiy tabriklarimni izhor etaman. Bugungi kunda mamlakatlarimiz o‘rtasidagi hamkorlik keng qamrovli bo‘lib, savdo, iqtisodiyot va xavfsizlik kabi yo‘nalishlarni o‘z ichiga oladi. Xavfsizlik sohasida biz terrorizmga qarshi kurash, ekstremizmga qarshi choralar hamda giyohvand moddalar savdosiga qarshi faol hamkorlik olib borayapmiz.
Bugungi kunda 70 dan ortiq Amerika kompaniyalari Tojikistonda faoliyat yuritmoqda. Mamlakatimizning 93 foizi tog‘li hududlardan iborat bo‘lib, bizda tabiiy resurslar, ayniqsa suv, gidroenergetika, muhim va noyob yer metallari juda ko‘p. Tojikistonda 13 mingga yaqin muzlik mavjud bo‘lib, Markaziy Osiyoning suv manbalarining taxminan 60 foizi aynan bizning hududdan boshlanadi.
Mamlakatimiz Yevropa Ittifoqining Noyob Yer Metalllari Klubi hamda AQSHning Mineral Xavfsizlik bo‘yicha hamkorlik dasturi a’zosi hisoblanadi. 2024 yilda mamlakatimiz 17 ming tonna metall antimon ishlab chiqarib, asosan AQSHga eksport qildi. Shu bilan birga, savdo va investitsiya sohasida hali ko‘p imkoniyatlar mavjud. Biz barqaror sun’iy intellekt data-markazlari yaratishda amerikalik sheriklar bilan hamkorlikni kengaytirishga qiziqish bildiramiz.
2008 yildan beri Tojikiston kompaniyalari Boeing korporatsiyasidan 440 million dollarlik 8 ta o‘rta hajmdagi samolyot sotib olgan. Kelasi yili esa yana ikkita 737 MAX 8 samolyotini qabul qilishi kutilmoqda. Boeing bilan tijoriy shartnomalar umumiy qiymati 3 milliard dollardan ziyodni tashkil etadi.
Amerika kompaniyalari so‘nggi 20 yil ichida Tojikiston bilan mustahkam hamkorlikni yo‘lga qo‘ygan. Ayniqsa antimon va noyob yer minerallari sohasi ular uchun ustuvor ahamiyatga ega. Tojikiston Markaziy Osiyoda bu boradagi eng boy va ulkan salohiyatga ega davlatlardan biri hisoblanadi. Biz xavfsizlik masalalari bo‘yicha yaqin hamkorlikni davom ettirishdan manfaatdormiz. Sizga esa “tinchlik prezidenti” sifatidagi faoliyatingizda omad va muvaffaqiyatlar tilayman.
Serdar Berdimuhamedov:
Rahmat sizga, janob Prezident. Avvalo, S5+1 sammitida ishtirok etishga taklif qilganingiz uchun chuqur minnatdorligimni izhor etaman. Biz bu format doirasida erishilgan yaxshi natijalarni yuqori baholaymiz. Xavfsizlik, iqtisodiyot, energiya va atrof-muhit kabi strategik ahamiyatga ega yo‘nalishlarda hamkorlikni kengaytirish niyatidamiz.
Ishonchim komilki, bugungi sammit natijalari Markaziy Osiyo davlatlari va Amerika Qo‘shma Shtatlari o‘rtasidagi ko‘p qirrali hamkorlikni yanada rivojlantirishga xizmat qiladi. Janob Prezident, samimiy mehmondo‘stligingiz uchun chuqur minnatdorlik bildiraman. Buni chin dildan qadrlayman.
Live
BarchasiRossiyada o‘z chaqalog‘ini tashlab, qochib ketgan ayol bolasi bilan O‘zbekistonga qaytarildi
26 dekabr
Shavkat Mirziyoyev o‘zining oldingi va rahbarlarning hozirgi maoshida katta farq borligini aytdi
26 dekabr