Mirziyoyev Rossiya delegatsiyasini qabul qildi
Jamiyat
−
18 Sentabr
6380O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev bugun, 18 sentyabr kuni Rossiya Federatsiyasi hukumati raisining o‘rinbosari Vitaliy Savelev, Rossiya Prezidenti maslahatchisi Igor Levitin va "Rossiyskiye jelezniye dorogi" kompaniyasi boshqaruvi raisi Oleg Belozyorovdan iborat delegatsiyani qabul qildi. Bu haqda Prezident matbuot xizmati xabar berdi.
Uchrashuv avvalida Rossiya delegatsiyasi a’zolari davlat rahbariga Rossiya Federatsiyasi Prezidenti Vladimir Putinning salomi va eng ezgu tilaklarini yetkazgan.
"Joriy yilning 26-28 may kunlari Toshkent shahrida bo‘lib o‘tgan oliy darajadagi uchrashuvlarda erishilgan kelishuvlarni amalga oshirish masalalari ko‘rib chiqildi", deyiladi xabarda.
Bildirilishicha, suhbat davomida mintaqada samarali transport yo‘laklarini rivojlantirish bo‘yicha muvofiqlashtirilgan chora-tadbirlar ko‘rishga alohida e’tibor qaratilgan. Transport sohasida sanoat kooperatsiyasi loyihalarini jadallashtirish, avtomobil, temiryo‘l va aviatsiya yo‘nalishlarida sheriklikni yanada kengaytirish, yuqori malakali muhandis kadrlar tayyorlash muhimligi qayd etilgan.
Eslatib o‘tamiz, Germaniya kansleri Olaf Shols 15-17 sentyabr kunlari rasmiy tashrif bilan O‘zbekiston va Qozog‘istonda bo‘lib, mamlakatlar rasmiylari bilan muzokaralar o‘tkazgan, 17 sentyabrda esa Ostonada ikkinchi “Markaziy Osiyo - Germaniya” sammiti bo‘lib o‘tgan, Qozog‘iston Respublikasi Prezidenti Qosim-Jomart To‘qayev raisligida o‘tgan tadbirda Germaniya federal kansleri Olaf Shols, O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Qirg‘iz Respublikasi Prezidenti Sadir Japarov, Tojikiston Respublikasi Prezidenti Imomali Rahmon va Turkmaniston Prezidenti Serdar Berdimuhamedov ham qatnashgandi.
Qayd etish joizki, joriy yilning 22-26 aprel kunlari Buyuk Britaniyaning o‘sha vaqtdagi tashqi ishlar vaziri Devid Kemeron barcha Markaziy Osiyo davlatlariga birin-ketin tashrif buyurganidan so‘ng, 26 aprel kuni Rossiya Tashqi ishlar vaziri o‘rinbosari Mixail Galuzin Toshkentda O‘zbekiston Tashqi ishlar vaziri Baxtiyor Saidov bilan uchrashgandi. Uchrashuvdan so‘ng matbuotga bayonot bergan Galuzin Kemeronning O‘zbekistonga tashrifi Rossiyaga maksimal darajada zarar yetkazishga va uni ittifoqdoshlaridan uzoqlashtirishga qaratilganini ta’kidlagandi.
LiveBarchasi