Mirziyoyev Rossiya delegatsiyasini qabul qildi
Jamiyat
−
01 noyabr
5201O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev bugun, 1 noyabr kuni Rossiya Federatsiyasi hukumati raisining o‘rinbosari Dmitriy Chernishenko boshchiligidagi delegatsiyani qabul qildi. Bu haqda Prezident matbuot xizmati xabar berdi.
Qayd etilishicha, Rossiya delegatsiyasi tarkibidagi uchrashuvda vazirlar Aleksey Chekunkov va Sergey Kravsov ham qatnashgan. Oliy darajadagi kelishuvlarga muvofiq O‘zbekiston-Rossiya ko‘p qirrali munosabatlarini yanada kengaytirishning dolzarb masalalari ko‘rib chiqilgan.
"Uchrashuv avvalida Dmitriy Chernishenko davlat rahbariga Rossiya Federatsiyasi Prezidenti Vladimir Putin va Hukumat Raisi Mixail Mishustinning salomini yetkazdi. Suhbat davomida ikki mamlakat o‘rtasidagi ta’lim va gumanitar almashinuvni kengaytirishga alohida e’tibor qaratildi. Jumladan, Rossiyaning yetakchi oliy ta’lim muassasalari faoliyati va O‘zbekistonda ularning yangi filiallarini ochish, yuqori malakali pedagog kadrlar tayyorlash masalalari muhokama qilindi", deyiladi xabarda.
Shuningdek, O‘zbekiston hududlarining Rossiyaning Uzoq Sharqdagi hududlari bilan amaliy hamkorligini yo‘lga qo‘yish bo‘yicha qo‘shma "yo‘l xaritasi"ni qabul qilish muhimligi ta’kidlandi. Tomonlar o‘zaro sayyohlar oqimini ko‘paytirish, qo‘shma madaniy va sport tadbirlarini o‘tkazishdan manfaatdor ekanligi qayd etildi.
Eslatib o‘tamiz, sentyabr oyida Mirziyoyev Rossiya Federatsiyasi hukumati raisining o‘rinbosari Vitaliy Savelev, Rossiya Prezidenti maslahatchisi Igor Levitin va "Rossiyskiye jelezniye dorogi" kompaniyasi boshqaruvi raisi Oleg Belozyorovdan iborat delegatsiyani qabul qilgandi.
Rossiya Federatsiyasi hukumati raisi Mixail Mishustin boshchiligidagi delegatsiya esa 10 sentyabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev qabulida bo‘lgandi.