Mirziyoyev Rahmon bilan tor doirada uchrashuv o‘tkazdi

Jamiyat

image

Avval xabar berganimizdek, bugun, 2 iyun kuni Tojikiston Respublikasi Prezidenti Imomali Rahmon rasmiy tashrif bilan O‘zbekistonga keldi. “Ko‘ksaroy” qarorgohida oliy martabali mehmonni rasmiy kutib olish marosimi bo‘lib o‘tdi. Shundan so‘ng, ikki davlat rahbarlari Shavkat Mirziyoyev va Imomali Rahmon tor doirada uchrashuv o‘tkazdilar.

Davlat rahbarlari birodar xalqlar o‘rtasidagi ko‘p asrlik do‘stlik va yaxshi qo‘shnichilik rishtalariga asoslangan o‘zaro manfaatli O‘zbekiston-Tojikiston hamkorligini yanada kengaytirish masalalarini muhokama qilgan.

Muzokaralarda asosiy e’tibor ikki tomonlama aloqalarni mustahkamlash, siyosiy, parlamentlararo, savdo-iqtisodiy, transport-logistika, investitsiyaviy va madaniy-gumanitar hamkorlikning kun tartibini tubdan kengaytirish masalalariga qaratilgan.

“Keyingi olti yilda hamkorlikning barcha yo‘nalishlarda yutuqlarga erishildi. Oliy darajadagi muzokalarda erishilgan kelishuvlar muvaffaqiyatli amalga oshirilmoqda. Ikki mamlakat hukumatlari, vazirlik va idoralari, hududlari o‘rtasida muntazam almashinuvlar yo‘lga qo‘yilgan”, deyiladi rasmiy Toshkent xabarida.

Qayd etilishicha, Shavkat Mirziyoyev va Imomali Rahmon ko‘p qirrali O‘zbekiston-Tojikiston strategik sherikligini yanada rivojlantirish yo‘lidan qat’iy borishlarini tasdiqlagan.

Davlat rahbarlari savdoni faol kengaytirish va sanoat kooperatsiyasini kuchaytirish, ikki mamlakatning logistika va tranzit imkoniyatlarini rivojlantirish hamda suv energetikasi loyihalarini amalga oshirish orqali munosabatlarni yangi amaliy mazmun bilan boyitishga tayyor ekanliklarini bildirganlar.

Mintaqaviy va xalqaro kun tartibi yuzasidan fikr almashilgan, Markaziy Osiyoda tinchlik va barqarorlikni ta’minlash masalalari muhokama qilingan.

Ko‘p tomonlama tuzilmalar doirasidagi o‘zaro manfaatli hamkorlikni davom ettirishga tomonlarning intilishi qat’iy ekani ta’kidlangan.


Maqola muallifi

Teglar

Shavkat Mirziyoev Imomali Rahmon

Baholaganlar

38

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing