Mirziyoyev navbatdagi Olimpiada chempionlarini ham tabrikladi (video)

Sport

image

Prezident Shavkat Mirziyoyev Fransiya mezbonligi ostida o‘tayotgan Parij yozgi Olimpiada o‘yinlarining boks bo‘yicha navbatdagi chempionlari – Lazizbek Mullojonov hamda Asadxo‘ja Mo‘ydinxo‘jayevni telefon orqali tabrikladi. Bu haqda Prezident matbuot xizmati xabar berdi.

“Boks bo‘yicha O‘zbekiston dunyoda tengsiz ekanini yana bir karra isbotlaganingiz uchun minnatdorlik bildirib, tabriklamoqchiman. Xalqimizning chinakam qahramonlari bo‘ldingiz. Yangi O‘zbekistonning yangi yoshlariga juda katta o‘rnak, namuna bo‘layapsizlar. Yurtimiz o‘g‘lonlari nimalarga qodir ekanliklarini butun dunyo hamjamiyati ko‘rib turdi va men sizlardan g‘ururlanaman”, degan Mirziyoyev.

Chempionlar ham Prezident va xalq ishonchini oqlaganidan mamnunligini bildirgan.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Mirziyoyev Olimpiya o‘yinlarida dzyudo bo‘yicha bellashuvlarning 52 kilogrammgacha vazn toifasida barcha raqibalarini yengib, olimpiya terma jamoasiga birinchi oltin medalni keltirgan Diyora Keldiyorova bilan telefon orqali muloqot qilgandi. Shuningdek, Prezident Parij Olimpiadasida o‘z vazn toifalarida barcha raqiblarini mag‘lub etib, oltin medallarni qo‘lga kiritgan hamda ikki karra Olimpiada chempioniga aylangan taekvondochi Ulug‘bek Rashidov va bokschi Hasanboy Do‘smatov bilan telefon orqali tabriklagandi.


Maqola muallifi

Teglar

Shavkat Mirziyoev

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing