Mirziyoyev muqaddas ziyoratgohlarda nimani so‘rab duo qildi? (video)

Jamiyat

image

Xabaringiz bor, O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Saudiya Arabistoniga safarini Madinai Munavvaradan boshladi. Davlat rahbari Masjidun Nabaviyda namoz o‘qib, payg‘ambar Muhammad (s.a.v.)ning ravza va hujralariga kirishga musharraf bo‘ldi.

Shavkat Mirziyoyevga muqaddas ziyoratida hamrohlik qilgan O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Nuriddin Xoliqnazarov kecha, 19 avgust kuni Juma mavizasida davlat rahbarining muqaddas joylardagi holatini aytib berdi.

“Prezidentimiz bilan masjidga kelganimizda mashina masjidning tashqarisida kelib to‘xtadi. Ichkariga juda uzoq yurilishi va juda issiq bo‘lgani uchun o‘sha yerdagi masjid xizmatchilari, Saudiya mutassadilari maxsus elektromobil olib kelib qo‘yishdi. Mashinadan tushganlarida “bunga chiqasiz, yo‘l uzoqroq”, degandilar, Prezidentimiz to‘xtab, “Rasululloh oldilariga bir narsani minib boramanmi? Piyoda boraman, axir bu beodoblik bo‘lmaydimi”, dedilar. Hammamiz piyoda bordik. Ravzada namoz o‘qidik. Bu yerda boshqacha bo‘lib ketasiz, jannatning bir bog‘ida turganday. Bunaqa joyda har qanday odam o‘zi bilan o‘zi bo‘lishni boshlaydi”, deydi muftiy 

U so‘zida davom etib, bu yerdagi duo qabul bo‘lishini aytib, Shavkat Mirziyoyevdan duo qilishni iltimos qilganini ma’lum qildi. Shuningdek, muftiy davlat rahbariga payg‘ambar Muhammad (s.a.v.) yashagan hujraga kirish ham nasib qilganini urg‘uladi.

“Prezidentimizdan iltimos qildimki, bu yer duo qabul bo‘ladigan joy, shuning uchun bu yerda duo qilish kerak, duo qiling dedim. Qo‘llarini duoga ochdilarda birinchi duolari “Yo Rabbiy, duo qabul bo‘ladigan joyda sendan yolvorib so‘rayman, mening xalqimni tinch qilgin. Jonajon vatanimni obod qilgin”, dedilar. Faqat xalqni so‘rab duo qildilar. Ikkinchi marta yana aytdim, o‘zingiz uchun ham duo qiling. Yana qo‘lini duoga ochdilar-da “Yurtimni yoshlarini  ilmli qilgin, saodatli qilgin, baxtli qilgin. Yurtimda hech notinchlik bo‘lmasin”, dedi. Uchinchi martda yana aytdim, “O‘zingiz uchun duo qiling”. Yana xalqni duo qildilar. Men yig‘ladim. Unaqa joyda azizlar hech kimda xo‘jako‘rsinlik bo‘lmaydi. Haqiqatdan yurakdan bo‘ladigan joylar. Men keyin Prezidentimiz haqlariga duo qildim. Judayam kamdan kam bo‘ladi, hammaga ham bo‘lmaydi, ularga Payg‘ambarimiz sallollohu alayhi va sallam yashagan, dafn qilingan joyni ochib berdilar. Avval Fotima onamizni uylariga kirib, keyin darchadan payg‘ambarimiz uylariga o‘tilar ekan. Shu yerga dafn qilingan, o‘sha yer matolar bilan o‘rab qo‘yilibdi. Rasullulloh oldida turishni tasavvur qiling? U yerdagi holatni aytib berolmayman. Rasullullohning yonlarida turibmiz. “Menga kelib salom bersang, alik olaman”, degan zotni oldida assalomu alaykum deb turibmiz. Prezidentimiz “Assalomu allaykum yo rasululloh. Men sizga sizning ummatingiz bo‘lgan O‘zbekiston xalqi mo‘min, musulmonlarini salomini olib keldim, qabul qiling”, dedilar. Keyin hammamiz jo‘r bo‘lib salovat aytdik. Keyin qibla tomonga qarab, qayta va qayta xalqimiz haqiga duo qildilar”, deydi muftiy Nuriddin Xoliqnazarov.

Eslatib o‘tamiz, Shavkat Mirziyoyev 17-18 avgust kunlari davlat tashrifi bilan Saudiya Arabistonida bo‘ldi. Prezident safari davomida Umra ziyoratini ham ado etdi.


Maqola muallifi

Teglar

Shavkat Mirziyoev

Baholaganlar

307

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing