Mirziyoyev Mirabbos Mirzaahmedov vafoti munosabati bilan hamdardlik bildirdi
Jamiyat
−
20 noyabr 2025 7254 2 daqiqa
Avvalroq, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan madaniyat xodimi Mirabbos Mirzaahmedov vafot etgani haqida xabar berilgan edi. O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev shu munosabat bilan hamdardlik bildirdi.
Milliy madaniyat va o‘zbek san’atining atoqli namoyandasi, mashhur rejissyor va teleboshlovchi, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan madaniyat xodimi Mirabbos Abdulhaqovich Mirzaahmedov kecha, 19 noyabr kuni 84 yoshida vafot etdi.
U 1941 yil 30 sentyabrda Toshkent shahrida ziyolilar oilasida tug‘ilgan. O‘rta maktabni tugatganidan so‘ng, Toshkent teatr va rassomlik instituti (hozirgi O‘zbekiston davlat san’at va madaniyat instituti)da kino va teatr san’ati aktyori mutaxassisligi bo‘yicha tahsil olgan.
Mehnat faoliyatini O‘zbekiston teleradiokompaniyasida rejissyor yordamchisi sifatida boshlagan iste’dodli san’atkor 60 yildan ziyod vaqt mobaynida “Yoshlar” tahririyati rejissyori, bosh rejissyori, “O‘zbekiston” telekanalining oliy toifali rejissyori, “Otalar so‘zi – aqlning ko‘zi” ko‘rsatuvining rejissyori va boshlovchisi kabi lavozimlarda samarali xizmat qilgan. Uning bevosita rahbarligida dolzarb mavzu va janrlarda tayyorlangan eshittirish va ko‘rsatuvlar, badiiy videofilmlar milliy ruhi, teran mazmuni, xalqchilligi bilan millionlab muxlislar qalbidan o‘rin olgan. Ayniqsa, rejissyor tomonidan tasvirga olingan “Bahor qaytmaydi”, “Izlayman”, “Qalbingga quloq sol”, “Bahs”, “Uch ildiz”, “Dunyoning ishlari” kabi asarlar o‘z davrining yorqin telefilmlari sifatida O‘zbekiston madaniyati xazinasidan munosib joy egallagan.
“Mirabbos Mirzaahmedov o‘zining nuroniy va donishmand qiyofasi, ko‘p yillik bilim va tajribasi bilan markaziy telekanallarimiz orqali 40 yildan buyon namoyish etib kelinayotgan “Otalar so‘zi – aqlning ko‘zi” ko‘rsatuviga yangicha ruh va mazmun olib kirdi hamda ushbu dastur orqali jamiyatimiz hayotidagi ijtimoiy-ma’naviy muammolarga jamoatchilik e’tiborini qaratish, el-yurtimiz, ayniqsa, yoshlar o‘rtasida oila va vatanga muhabbat, odob-axloq, mehr-oqibat g‘oyalarini targ‘ib etishga katta hissa qo‘shdi.
Butun umr doimo izlanib, xalqimizga sidqidildan xizmat qilib kelgan zahmatkash ijodkor o‘ziga xos mahorat va tajriba maktabini yaratib, ko‘plab yoshlarga ustozlik qildi”, deyiladi ta’ziya xatida.
Mirabbos Mirzaahmedovning mamlakat madaniyati va san’atini rivojlantirish yo‘lidagi xizmatlari davlat tomonidan munosib taqdirlangan. U “O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan madaniyat xodimi” faxriy unvoni, “Mehnat shuhrati” va “Do‘stlik” ordenlari bilan mukofotlangan.
“Taniqli san’atkor, samimiy va kamtarin inson, yoshlarning mehribon ustozi Mirabbos Mirzaahmedovning xotirasi qalblarimizda hamisha saqlanib qoladi”, deyiladi xatda.
Live
Barchasi