Mirziyoyev may oxirida Qirg‘izistonga boradi
Jamiyat
−
15 aprel 2022
3447O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev joriy yilning may oyi oxirida Qirg‘izistonga boradi. Bu haqda qo‘shni davlat Prezidenti saytida xabar qilindi.
Kecha, 14 aprel kuni Qirg‘iz Respublikasi Prezidenti Sadir Japarov O‘zbekiston Bosh vaziri o‘rinbosari – Investitsiyalar va tashqi savdo vaziri Sardor Umurzoqovni qabul qilgan.
Uchrashuvda Japarov joriy yil may oyi oxirida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning javob tashrifini mamnuniyat bilan qayd etib, Qirg‘iziston-O‘zbekiston oliy darajadagi muzokaralari qardosh mamlakatlar o‘rtasidagi o‘zaro hamkorlikning barcha sohalarida rivojlanishning navbatdagi sifat bosqichiga olib chiqishiga ishonch bildirgan.
Shu bilan birga, Prezident Sadir Japarov O‘zbekiston-Qirg‘iziston taraqqiyot jamg‘armasining ochilishini ta’kidlab, uning faoliyati ikki davlat tadbirkorlari o‘rtasidagi savdo va sarmoyaviy aloqalarni kengaytirishga ko‘maklashishini tilagan.
O‘z navbatida, Sardor Umurzoqov Japarovga mamlakat Prezidenti topshirig‘i bilan Qirg‘izistonga javob tashrifiga tayyorgarlik ko‘rish maqsadida Bishkekga kelgani haqida ma’lum qilgan.