Mirziyoyev marhum shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusufni mukofotladi

Jamiyat

image

Bugun, 27 iyun kuni O‘zbekiston Prezidentining Farmoni bilan ikki nafar marhum shayxlar Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf va Ziyovuddinxon ibn Eshon Boboxon “Oliy darajali Imom Buxoriy” ordeni bilan mukofotlandi.

Ularning ikkalasi ham O‘rta Osiyo va Qozog‘iston musulmonlari diniy boshqarmasining sobiq raisi bo‘lgan.  

Prezident farmonida shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusufning serqirra faoliyati hamda beqiyos ilmiy-ma’rifiy merosi bilan islomiy tafakkur va madaniyatni ravnaq toptirish, islom dinining ulug‘ insoniy g‘oyalarini o‘zbek xalqiga yetkazish, mashhur ulamolarning asarlarini chuqur tadqiq etish, turli mamlakat va o‘lkalarda keng targ‘ib qilish borasidagi ko‘p yillik samarali mehnati, xalqaro miqyosda dinlararo muloqotni yo‘lga qo‘yish, millat va elatlar o‘rtasida hamjihatlik va ahillikni mustahkamlash, jamiyat hayotida ijtimoiy-ma’naviy muhit barqarorligini ta’minlashga qo‘shgan ulkan hissasi, diniy va dunyoviy bilimlarni puxta egallagan yetuk mutaxassislarni tayyorlash yo‘lidagi xizmatlari alohida qayd etilgan.

Shayx Ziyovuddinxon ibn Eshon Boboxonning esa  g‘oyat murakkab tarixiy sharoitda faoliyat ko‘rsatib, mamlakat va mintaqada islom madaniyati va ilm-fanini rivojlantirish, islom dinining insonparvarlik mohiyati va ezgu g‘oyalarini odamlarga bezavol yetkazishdagi xizmatlari alohida ta’kidlangan.

Ma’lumot uchun, shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf 1952 yilda Andijonda tavallud topgan. U Butunjahon musulmon ulamolari ittifoqi kotiblar kengashi, Jahon islom ligasi ta’sischilar kengashi; Butunjahon tasavvuf uyushmasi prezidiumi, Jahon Xalq Islom Rahbarligi Bosh Kotibiyati, Butunjahon islom da’vati kengashi prezidiumi, Qirollik Islom tafakkuri akademiyasi (Iordaniya), Islom ulamolari va jahon mutafakkirlari assambleyasi ijro byurosi (Makka),  Jahon islom universiteti Ilmiy kengashi (Islomobod) va Butunjahon masjidlar assotsiatsiyasiga a’zo bo‘lgan. Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf 2015 yil 10 mart kuni 62 yoshida vafot etgan. 

Dafn marosimi Toshkentda bo‘lib o‘tgan. Janoza Toshkentning eski shahar qismidagi Shayx Zayniddin masjidida o‘tgan. Dafn marosimida nafaqat Toshkentdan, balki O‘zbekistonning barcha viloyatlari va boshqa mamlakatlardan 200-250 mingga yaqin odam bevosita ishtirok etgan. Muhammad Yusuf vafotidan so‘ng Checheniston rahbari Ramzan Qodirov Grozniy ko‘chalaridan biriga uning nomini berish to‘g‘risida qaror qabul qilgan. O‘limidan bir necha kun o‘tgach, Janubiy Koreyaning Geodje-do shahridagi masjidga uning nomi berilgan. Shuningdek, 2015 yil 26 mayda Chimkent shahrida (Qozog‘iston) Muhammad Yusuf nomidagi masjid ochilgan. Toshkent shahrining Chilonzor tumanida qurilgan masjidga ham uning nomi berilgan.

Ziyovuddinxon ibn Eshon Boboxon 1908-1982 yillarda yashagan. U  Markaziy Osiyo va Qozog‘iston musulmonlari diniy boshqarmasi ikkinchi raisi, beshta respublika muftiysi (1957-1982) bo‘lgan. Uning nomi ham Toshkent shahridagi masjid va ko‘chaga berilgan.


Maqola muallifi

Teglar

Prezident O'zbekiston Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf Ziyovuddinxon ibn Eshon Boboxon

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing