Mirziyoyev Malayziyani sinalgan ishonchli hamkor deb atadi

Jamiyat

image

Malayziya – O‘zbekistonning vaqt sinovlaridan o‘tgan ishonchli hamkori. Bu haqda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev bugun, 17 may kuni Malayziya Bosh vaziri Anvar Ibrohim bilan Toshkentda o‘tgan muzokaralardan so‘ng ommaviy axborot vositalari vakillari uchun bergan bayonotida ma’lum qildi. 

Prezident matbuot xizmatiga ko‘ra, yetakchilar ochiq, ishonchli va do‘stona muhitda o‘tgan sammitning samarali natijalarini yuqori baholagan. 

O‘zbekiston rahbari ikki xalq o‘rtasidagi umumiy din, mushtarak urf-odat va qadriyatlarga asoslangan azaldan yaqin aloqalarni alohida qayd etgan. 

“Malayziya nafaqat Janubi-Sharqiy Osiyoda, balki butun jahonda jadal taraqqiy etib borayotgan davlat, bizning vaqt sinovlaridan o‘tgan ishonchli hamkorimizdir. Har ikki mamlakatda milliy mustaqillik bayrami bir sanada – 31 avgust kuni nishonlanishi ham ramziy ma’noga ega”, deydi O‘zbekiston Prezidenti. 

Bayonotda rivojlanish va modernizatsiyaga qaratilgan “O‘zbekiston – 2030” va “Malayziya Madani” strategik dasturlarining maqsad va vazifalari o‘xshash ekani urg‘ulangan. 

Malayziya Bosh vazirining bugungi tarixiy tashrifi ikki tomonlama munosabatlarda yangi sahifa ochishi va ularning rivojlanishiga kuchli sur’at bag‘ishlashi aytilgan. 

Muzokaralar chog‘ida o‘zaro manfaatli hamkorlikni yanada kengaytirish bo‘yicha ustuvor yo‘nalishlar va yangi marralar belgilab olingan. 

Oliy va yuqori darajadagi siyosiy muloqot va aloqalarni faollashtirish, qo‘shma Hukumatlararo komissiyani ishga tushirish yuzasidan kelishuvlarga erishilgan. 

Yaqin kelajakda ikki tomonlama munosabatlarni keng qamrovli hamkorlik darajasiga olib chiqishga o‘zaro intilish bildirilgan. 

Yetakchilar tovar ayirboshlash hajmini va qo‘shma korxonalar sonini ko‘paytirish masalalariga alohida e’tibor qaratgan. Tomonlar bu ko‘rsatkichlarni yaqin kelajakda bir necha barobarga oshirish borasida tizimli ishlarni yo‘lga qo‘yishga kelishib olgan. 

Prezident Mirziyoyev bu maqsadga erishishda tovarlar nomenklaturasini kengaytirish va o‘zaro savdoning muvozanatliligini ta’minlash, uchinchi mamlakatlar bozorlariga birgalikda chiqish, yuqori texnologiyali loyihalarni ilgari surish uchun maxsus sanoat zonasini yaratish lozimligini aytgan.  

Energetika, neft-kimyo, tog‘-kon, elektrotexnika, qishloq xo‘jaligi, oziq-ovqat sanoati, farmatsevtika, moliya, IT va boshqa tarmoqlarda kooperatsiya bo‘yicha aniq rejalar belgilangan. 

Ertaga Samarqand shahrida ikki mamlakatning yetakchi kompaniyalari ishtirokida bo‘lib o‘tadigan biznes forumining natijalari, imzolanadigan salmoqli investitsiya bitimlari hamkorlikka yangi mazmun bag‘ishlashiga ishonch bildirilgan. 

Mintaqaviy va xalqaro tashkilotlar doirasida yaqin muloqot va o‘zaro qo‘llab-quvvatlashni davom ettirishga qat’iy intilish tasdiqlangan. 

Madaniy-gumanitar almashinuvlarni kengaytirishga, jumladan, madaniyat haftaliklari, yoshlar, ta’lim va sport forumlari, turli ko‘rgazmalarni o‘tkazishga qaratilgan choralar qabul qilinadi. 

Sammitning natijalari O‘zbekiston-Malayziya munosabatlarini mustahkamlashga, ko‘p qirrali hamkorlikni yangi amaliy mazmun bilan boyitishga xizmat qilishi qayd etildi. 

Muzokaralar yakunlari bo‘yicha barcha erishilgan kelishuvlarni o‘z vaqtida va sifatli amalga oshirish bo‘yicha qo‘shma “yo‘l xaritasi”ni qabul qilishga kelishib olindi.


Maqola muallifi

Teglar

Malayziya

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing