Mirziyoyev keyingi S5+1 sammitini Samarqandda o‘tkazishni taklif qildi
Jamiyat
−
07 noyabr 7720 2 daqiqa
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev AQSH Prezidentining rasmiy qarorgohi – Vashington shahridagi Oq uyda bo‘lib o‘tgan Markaziy Osiyo mamlakatlari va AQSH yetakchilarining “S5+1” formatidagi sammitida ishtirok etdi va bir qator takliflarni ilgari surdi.
“Bugungi sammit tasdiqlab turibdiki, Qo‘shma Shtatlar Markaziy Osiyoni ishonchli va muhim hamkor sifatida ko‘radi. Biz birgalikda ishonch, o‘zaro tushunish va yaratuvchanlikka asoslangan kelajakni qurmoqdamiz”, dedi Mirziyoyev.
Uning takliflari esa quyidagilardan iborat:
- Format doirasida doimiy faoliyat yurituvchi kotibiyat tashkil etish yoki uni har ikki yilda ishtirokchi davlatlar orasida navbatma-navbat joylashtirish.
- Davlat idoralari, kompaniyalar va moliyaviy institutlar o‘rtasida tizimli muloqotni ta’minlash uchun investitsiyalar va savdo bo‘yicha vazirlar darajasida koordinatsiya kengashi tashkil etish.
- AQSH bilan yirik transport, kommunikatsiya va energetika loyihalarini amalga oshirishda faol hamkorlik qilish
Shuningdek, Mirziyoyev Markaziy Osiyo investitsiya sherikligi fondini tuzish g‘oyasini qayta faollashtirish dolzarb, deb o‘ylashini bildirdi. Bu borada DFC bilan kelishuv 2020 yilda erishilgan edi.
“Bugun men sizga uch yillik qo‘shma investitsiya dasturini taqdim etdim, uning umumiy qiymati 34 milliard dollarni tashkil etadi. Bu — juda yirik, strategik ahamiyatga ega loyihalardir. Bu haqda biz siz bilan Nyu-Yorkda ham gaplashgan edik, va bugun yana ta’kidlab o‘tdim. Shunday ekan, oldinda katta istiqbollar bor.
Yana bir bor minnatdorlik bildiraman. Men ishonamanki, bugungi sammit natijalari tarixiy ahamiyatga ega bo‘ladi. Sizning Markaziy Osiyo va Amerika Qo‘shma Shtatlariga bo‘lgan munosabatingiz, diqqat-e’tiboringiz — hamkorligimiz mustahkamlanib borayotganining yorqin ifodasidir”, dedi O‘zbekiston yetakchisi.
U C5+1 formati amaliy harakatning samarali mexanizmiga aylanishi kerakligini qayd etgan holda, keyingi sammitni 2026 yilda Samarqand shahrida — bu formatga asos solingan maskanda o‘tkazishni taklif qildi.
“Ishonamanki, sizning yetakchiligingiz ostida hamkorligimiz barqaror rivojlanib boradi. Men sizga “Tinchlik sammiti”ni o‘tkazish taklifini berdim va biz bu tashabbusga jiddiy tayyorgarlik ko‘ramiz”, dedi Mirziyoyev.
Prezident Donald Tramp raisligida o‘tgan tadbirda Qozog‘iston Respublikasi Prezidenti Qosim-Jomart To‘qayev, Qirg‘iz Respublikasi Prezidenti Sadir Japarov, Tojikiston Respublikasi Prezidenti Imomali Rahmon va Turkmaniston Prezidenti Serdar Berdimuhamedov ham qatnashdi.
Live
Barchasi