Mirziyoyev Qatar Amiri bilan uchrashuv o‘tkazdi
Jamiyat
−
19 dekabr 2023
3854Bugun, 19 dekabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Qatar Davlati Amiri shayx Tamim bin Hamad Ol Soniy uchrashuv o‘tkazdi. Bu haqda Prezident matbuot xizmati xabar berdi.
Suhbat avvalida Mirziyoyev Amir hamda Qatar xalqini milliy bayrami – Mustaqillik kuni bilan samimiy qutlagan.
O‘z navbatida, Qatar Amiri Korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha xalqaro mukofotni topshirish marosimi Toshkent shahrida yuksak saviyada tashkil etilgani hamda ko‘rsatilayotgan iliq mehmondo‘stlik uchun Prezidentga minnatdorlik bildirdi.
“Ikki mamlakat o‘rtasidagi siyosiy muloqotni yanada mustahkamlash, savdo-iqtisodiy, investitsiyaviy va madaniy-gumanitar hamkorlikni kengaytirish masalalari muhokama qilindi. Barcha darajalarda faol muloqot va almashinuvlar davom etayotgani mamnuniyat bilan qayd etildi. Joriy yilda Toshkent va Doha shaharlarida ikki mamlakat diplomatik vakolatxonalari ochildi. O‘zaro savdo hajmi oshmoqda, Qatarning yetakchi kompaniyalari ishtirokida yirik loyihalar boshlandi”, deyiladi xabarda.
Qayd etilishicha, uchrashuvda yangi qo‘shma investitsiya loyihalarini, shu jumladan “yashil” energetika, sanoat, qishloq xo‘jaligi, infratuzilmani rivojlantirish, bank-moliya, ta’lim, sog‘liqni saqlash, turizm sohalarida ilgari surishga alohida e’tibor qaratilgan. Transport va logistika borasidagi hamkorlikni yanada kengaytirish yo‘llari ko‘rib chiqilgan. Xususan, Qatar tomoni Transafg‘on temiryo‘lini barpo etish loyihasini to‘liq qo‘llab-quvvatlagan.
“2024 yilda Doha shahrida qo‘shma Hukumatlararo komissiya va Ishbilarmonlik kengashining birinchi yig‘ilishlarini, ikki mamlakat biznes forumini tashkil etish muhimligi qayd etildi. Tomonlar kelgusi yilda madaniy-gumanitar tadbirlarni o‘tkazish masalalarini ham muhokama qildi”, deyiladi xabarda.
Bundan tashqari, erishilgan kelishuvlar o‘z vaqtida ijro etilishini ta’minlash maqsadida O‘zbekiston va Qatar yetakchilari ikki mamlakat tashqi siyosat idoralari rahbarlari darajasida Muvofiqlashtirish kengashini tuzish lozimligini ta’kidlagan. Mirziyoyevning O‘zbekistonda BMT shafeligida Korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha mintaqaviy markaz tashkil etish tashabbusi qo‘llab-quvvatlangan. Xalqaro va mintaqaviy ahamiyatga molik dolzarb masalalar yuzasidan ham fikr almashilgan.
Eslatib o‘tamiz, bugun, 18 dekabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning taklifiga binoan Qatar Davlati Amiri shayx Tamim bin Hamad Ol Soniy amaliy tashrif bilan Toshkentga kelgandi. Yetakchilar “Tashkent city” xalqaro ishbilarmonlik markazi hududida xalqaro hamjamiyatning korrupsiyaga qarshi kurashish borasidagi sa’y-harakatlarini ifodalovchi monumentning ochilish marosimida qatnashdi. Shuningdek, ular Kongress markazida Korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha yuksak xalqaro mukofot bilan taqdirlash marosimida ishtirok etdi. Unda Shavkat Mirziyoyev Korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha 2030 yilgacha mo‘ljallangan milliy strategiya ishlab chiqib, hayotga tatbiq etish taklifini ilgari surdi va Qatar Amiri shayx Tamim bin Hamad Ol Soniy bilan birgalikda Korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha beriladigan xalqaro mukofotni egalariga tantanali topshirdi.
LiveBarchasi