Mirziyoyev Qarshidagi supermarketga bordi (video)

Jamiyat

image

Bugun, 24 fevral kuni Prezident Shavkat Mirziyoyev Qarshi tumaniga borib, aholi hayoti bilan yaqindan tanishdi. Davlat rahbari hududdagi supermarketlardan birida bo‘lib, odamlar bilan suhbatlashdi va ularga savdo markazidagi mahsulotlar ma’qul bo‘layotgani bilan qiziqdi. Holat tasvirlangan video Prezident Matbuot kotibi Sherzod Asadov tomonidan e’lon qilindi.

“Kayfiyatingiz yaxshimi, ma’qulmi bu yerlar?” deya savdo markazidagi aholi fikrini so‘ragan Prezident. 

Mirziyoyevga javoban supermarketdagi ayollardan biri supermarket ularga ma’qul bo‘layotganini, bolalar xursand bo‘layotganini aytgan. 

“Hamma imkoniyatlar o‘zi shu bolalarimiz uchun. Barchangizni ko‘rganimdan xursandman”, degan davlat rahbari.

Shuningdek, Mirziyoyev Qarshi tumanidagi “Yangi Batosh” mahallasiga ham bordi. Qayd etilishicha, u yerda 4 mingdan ziyod aholi yashaydi. Hududda to‘qimachilik korxonasi, dorixona, minibank, oziq-ovqat do‘konlari va xizmat ko‘rsatish ustaxonalari mavjud.

Mahallada Kasanachilik markazi tashkil etilmoqda. Prezident ushbu markazda yaratilayotgan sharoitlarni ko‘zdan kechirib, bu yerdagi hunarmandlarni xomashyo bilan ta’minlash, aholi zich mahallalardagi kollejlarning ma’lum xonalarini kasanachilarga ajratish bo‘yicha topshiriqlar berdi.

“O‘zi hunar o‘rganishning eng katta zamini – mahalla. Bu an’anamizdan foydalanib, kasanachilik asosida, ustoz-shogirdlik asosida yoshlarni hunarli qilish mumkin. Bu ularga, ayniqsa, xotin-qizlarga ham ma’naviy, ham moddiy kuch bo‘ladi”, deydi Shavkat Mirziyoyev.

Ma’lum qilinishicha, markaz “Yangi Batosh”dan tashqari unga tutash “Batosh”, “Xoniyon”, “Taraqqiyot”, “Dasht”, “Jumabozor” kabi mahallalarga ham xizmat qiladi. U to‘liq ishga tushsa, qariyb 24 ming nafar aholi ish bilan ta’minlanadi.


Maqola muallifi

Teglar

Qarshi Mirziyoev supermarket

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing