Mirziyoyev italiyalik investorlarni O‘zbekistonga taklif qildi
Jamiyat
−
09 iyun 2023
5121Prezident Shavkat Mirziyoyev Italiyaga tashrifi doirasida Milan shahrida ushbu mamlakat investorlari va yirik biznes vakillari bilan uchrashuv o‘tkazdi. Bu haqda davlat rahbarining matbuot xizmati xabar berdi.
Qayd etilishicha, uchrashuvda Italiya tomonidan Lombardiya viloyati gubernatori Attilio Fontana, “Italiya – O‘zbekiston” savdo palatasi prezidenti Jorjo Veronezi, shuningdek, Eni, Enel, Pietro Fiorentini, Saipem, Energy System, Imagro Group, HT Holding, Danieli, SACE, Ferroli Group, Arsenale Group, Pirelli kabi yetakchi kompaniya va korporatsiyalar, uyushma va moliyaviy institutlarning 25 nafardan ziyod rahbarlari ishtirok etgan.
Tashrifdan avval ikki mamlakat ishbilarmon doiralarining qariyb 300 nafar vakili 9 milliard yevrodan ziyod bo‘lgan bir qator yangi investitsiya kelishuvlari va savdo bitimlarini imzolagani ham o‘zaro hamkorlikning belgisi ekani e’tirof etilgan.
Davlat rahbari Italiya biznesiga O‘zbekistonda faoliyat yuritishi uchun keng qo‘llab-quvvatlash choralari va samarali maydon taqdim etishga tayyorligini ma’lum qilgan.
“Bugun bizda biznesingiz rivoji va ravnaqi uchun barcha sharoitlar yaratilgan. Barqarorlik, ishonchli kafolatlar, qulay investitsiya muhiti ta’minlangan. Har biringizni Yangi O‘zbekistonga – haqiqatdan cheksiz imkoniyatlarga ega betakror mamlakat ekanligiga ishonch hosil qilish uchun yurtimizga kelishni taklif qilaman”, degan Mirziyoyev.
O‘zbekiston Italiya kompaniyalari uchun istiqbolli Markaziy Osiyo mintaqasi bilan ishlash imkoniyatlarini ochadigan strategik hamkor ekani qayd etilgan. Shuningdek, Italiya tadbirkor va sarmoyadorlari O‘zbekistonda o‘zaro manfaatli qo‘shma loyihalarni amalga oshirish, bunda yuqori texnologiyalar va innovatsion yechimlarni joriy qilish bo‘yicha aniq taklif va rejalarini bayon qilgan.
Masalan:
- Lombardiya viloyati bilan hududlararo hamkorlik dasturlarini kengaytirish;
- O‘zbekistonda gaz taqsimoti tizimini va Toshkent shahrida elektr taqsimot tarmoqlarini modernizatsiya qilish;
- Toshkent issiqlik elektr stansiyasini texnologik jihatdan qayta jihozlash;
- bir qator zavodlar qurish, shu jumladan chiqindilarni yoqish orqali elektr energiyasi ishlab chiqarish;
- kaliy xlorni tozalash, kaliy gidroksidi, qurilish materiallari, qishloq xo‘jaligi texnikasi ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish;
- za’faron plantatsiyalarini kengaytirish;
- “O‘zmetkombinat” AJ ishlab chiqarish quvvatini oshirish;
- Turin politexnika universiteti bilan birgalikda Italiya texnologiya va innovatsiyalari markazini tashkil etish va boshqa loyihalar to‘g‘risida so‘z yuritilgan.
Bundan tashqari, sanoat uchun kadrlar tayyorlash yuzasidan kelishuvlarga erishilgan.
Shavkat Mirziyoyev uchrashuvda aytilgan har bir tashabbusni kompleks “yo‘l xaritasi”ga kiritishga ko‘rsatma bergan. O‘zbekiston vazirlik va idoralari rahbarlariga italiyalik hamkorlarga mamlakatdagi joriy va yangi loyihalarini amalga oshirishda har tomonlama ko‘maklashish topshirilgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Samarqandda Italiya va O‘zbekiston qo‘shma investitsiya forumi o‘tkazilishi ma’lum qilingandi.